Qirg‘iziston o‘z hududida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ning “Mustahkam birodarlik-2022” jarbiy mashg‘ulotlari o‘tkazilishini bekor qildi, deb yozadi “Kommersant”.
Ekspertlar bunga yaqinda Tojikiston bilan chegarada yuz bergan qurolli nizoni sabab qilib keltirmoqda, shu sababli Bishkek o‘z hududida tojikistonlik harbiylarni qabul qilishni va ular bilan hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazishni istamayapti, dedi ular. Ayni vaqtda, voqea Bishkek va Moskva o‘rtasidagi aloqalarga ta’sir qilishi amri maholligi aytilmoqda. Biroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 7-oktabr kuni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinning yubileyiga kelmagani e’tibordan chetda qolmagan.
“Bosh qo‘mondon, prezident Sadir Japarovning buyrug‘isiz, harbiylarning o‘zlari bunday muhim qadamni qo‘ya olmagan bo‘lardi — bu aniq”, — dedi Qirg‘iziston sobiq vitse-prezidenti Feliks Kulov. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarning bekor qilinishi sababi bitta — Tojikiston bilan munosabatlar.
“Chegarada yuz bergan navbatdagi urushda o‘nlab yosh askarlar halok bo‘ldi, qariyb o‘n ming nafar tinch aholi chegaraga yaqin qishloqlarni takr etishga majbur bo‘ldi, 700 dan ortiq uylarga tojik harbiy xizmatchilari o‘t qo‘ydi. Bunday vaziyatda Tojikiston Qurolli kuchlari bilan qo‘shma mashqlar o‘tkazish nomaqbul bo‘lardi. ‘Mustahkam birodarlik’ degan nomning o‘zi kamida masxaraomuz yangramoqda”, — dedi u. Kulovning ta’kidlashicha, Mudofaa vazirligi tomonidan qabul qilingan qaror “to‘g‘ri va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda”.
Jangovar to‘qnashuvlarga qaramasdan, ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajadagi muloqot davom etmoqda. Chunonchi, so‘nggi ziddiyat avjiga chiqqan paytda Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Sadir Japarov va Emomali Rahmon Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida uchrashgan va chegaradagi vaziyatni muhokama qilgan edi.
Ammo 7-oktabr kuni Japarov Putinning 70 yoshiga bag‘ishlangan MDH rahbarlari norasmiy sammitiga kelmadi. Prezident matbuot kotibi bu qaror Sadir Japarovning “ish grafigidan kelib chiqib” qabul qilinganini aytdi. Qirg‘iziston va Rossiya yetakchilar telefon orqali suhbat bilan kifoyalandi. Rossiya telekanali prezidentlar 12—14-oktabr kunlari MDH sammitlari doirasida uchrashishga kelishib olganini ma’lum qildi. Shu tariqa Moskva Bishkek bilan aloqalarda muammolar yo‘qligiga ishora qilayotgan bo‘lsa-da, ma’lum bir keskinlik mavjud, bu yana Tojikiston bilan bog‘liq, deyiladi maqolada.
O‘tgan hafta Vladimir Putin Emomali Rahmonni “Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun” III darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi.
Mavzuga doir: Putin Emomali Rahmonni Tojikiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun mukofotladi
Shuningdek, qirg‘izistonlik deputat Jenishbek Toktorbayev Facebook’dagi sahifasida Putinga murojaat qoldirdi. “Biz, Qirg‘iziston xalqi tushuna olmayapmiz, Tojikistonning Qirg‘izistonga tajovuzkor qurolli hujumidan keyin, agressorni nima uchun medal bilan taqdirlayapsiz?” — deb yozdi u.
Xalqaro tinchlik bo‘yicha Karnegi fondi eksperti Temur Umarovning aytishicha, ayni paytda qirg‘iz jamiyatida “tojik agressiyasi” bo‘yicha konsensus yuzaga kelgan va hukumatning har qanday ehtiyotsiz harakati norozilik namoyishlariga olib kelishi mumkin. “Japarov buni tushunadi va yuzaga kelgan vaziyatdan o‘zi uchun bonuslar siqib olishga urinmoqda, u Tojiksiton bilan ziddiyatdan o‘z mashhurligini oshirishda foydalanmoqda”, — dedi ekspert.
Shuningdek, uning fikricha, mashg‘ulotlarning bekor qilinishi Rossiya-Qirg‘iziston munosabatlariga ham, KXSHTga ham ta’sir o‘tkazmaydi. “Bu tashkilot shundoq ham ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmoqda. Uning deyarli barcha a’zolar, Qozog‘istondan tashqari, qo‘shni mamlakatlar bilan ziddiyat holatida ekani izoh talab qilmaydi”, — dedi ekspert.