10-oktabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan SSSR tarixidagi sirli terakt, Ukrainaning SSSRdan mustaqilligini talab qilib ochlik e’lon qilgan talabalar hamda Anqarada ikkitalik teraktga oid faktlar o‘rin olgan.
SSSR tarixidagi eng sirli terakt: “Vnukovo”da “Tu-104” qanday portlatilgan edi?
Bundan 51 yil oldin SSSR tarixidagi eng sirli aviahalokatlardan biri sodir bo‘lgandi. Moskva viloyatida Simferopoldan qaytayotgan “Tu-104” bortida bomba portlashi oqibatida halok yuz bergan. Fojia oqibatida 25 kishi halok bo‘lgan, terrorchilar esa topilmagan, ish ikki yildan so‘ng yopilgan.1971-yilning 10-oktabr kuni Ukraina boshqarmasining Borispol aviaotryadiga qarashli “Vnukovo”dan Simferopolga uchgan “Tu-104B” samolyoti halokatga uchragan. Bu Moskvaga qaytish reysi edi. Simferopoldan Moskvaga parvoz yaxshi o‘tgan, soat 19:02 da samolyot “Vnokovo”ga muvaffaqiyatli qo‘ngan, ekipaj qayta reysni barajarishga tayyorgalikni boshlagan va Simferopoldan soat 20:16 da uchib ketgan.
Samolyot bortida 7 nafar ekipaj a’zosi va 18 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Avialayner komandiri Konstantin Klyushnik soat 20:16 da dispetcher bilan bog‘lanib, “Vnukovo”dan 50 kilometr uzoqlikdagi “Chernaya Gryaz” qishlog‘i yo‘nalishida harakatlanayotganini ma’lum qilgan. Bunga javoban dispetcher 1,5 ming metr balandlikkacha ko‘tarilish buyrug‘ini bergan va 13 soniyadan keyin 1,2 ming metr balandlikka chiqqani bo‘yicha hisobot berishini talab qilgan. Ammo bu vaqtda samolyot javob qaytarmagan, dispetcherning urinishlariga qaramay, ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan. Avialayner aerodromdan o‘nlab kilometr uzoqlikda halokatga uchrab, to‘liq yakson bo‘lgandi.
Bu vaqtda ob-havo bulutli, ko‘ruvchanlik 6 kilometrni tashkil etgan, ammo falokat yuz berishi dargumon edi. Yo‘riqnomaga ko‘ra, samolyot bortida kuzatuvchi militsioner bo‘lgan, ammo keyinroq hisobotda u xizmatdagi yo‘lovchi sifatida ko‘rsatilgan. Sovet OAVlarida halokat haqida hech narsa yoritilmagan.
Halok bo‘lganlar orasida yosh kinoaktrisa Raisa Zvereva ham bo‘lgan: o‘sha vaqtda u 24 yoshda edi va u bosh rolni ijro etgan yagona film o‘limidan keyin ekranlarga chiqqan. Film nomi “Arbat burchagida va Bubulinas ko‘chasida” (1972-yil) deya nomlanadi.
Dastavval halokat texnik nosozlik sabab yuzaga kelgan deb hisoblangan, chunki “Tu-104” samolyotlari ishonchli bo‘lmagan. Ular 1950-yillarda loyihalanib, qisqa vaqtlar ichida “Tu-16” bombardimonchisi asosida yig‘ilgan. U reaktiv tortuvchi kuchda harakatlanadigan nafaqat Sovet Ittifoqidagi, balki Britaniyaning De Havilland Comet, Kanadaning Avro Jetliner va Fransiyaning Sud Aviation Caravelle’sidan keyingi birinchi yo‘lovchi avialayneri edi. 1956-yilda De Havilland Comet’dan foydalanish to‘xtatilgan, “Tu-104” esa yo‘lovchilarni tashiydigan reaktik samolyot sifatida foydalanilayotgan yagona havo kemasi bo‘lib qolgan.
Bu turdagi samolyotlarda jami 201 ta yig‘ilgan, ammo ularni boshqarish juda qiyinligi sabab 1960-yilda ularni ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Ko‘plab bahslarga sabab bo‘lgan qator aviahalokatlardan keyin ular foydalanishdan chiqarilgan. Jami 37 ta samolyot halokatga uchragan bo‘lib, 1137 ta inson halok bo‘lgan. Shuningdek, “Tu-104”ni uch marotaba o‘g‘rilab ketishga urinishgan va barchasi o‘lim bilan tugagan — 84 kishi halok bo‘lgan. Foydalanish davomida 100 o‘rinli samolyotlar 115 o‘rinliga aylantirilgan, yangi navigatsiya va radiotexnika uskunalari o‘rnatilgan, bu modifikatsiya “Tu-104B” bo‘lib, Simferopolga aynan shu samolyotlardan biri uchgandi.
Aviahalokat tergovi davomida mutaxassislar qulashdan oldin ajralgan qismlardan kuyish belgilarini topgan, ayrim bo‘laklardan trotil izlari aniqlangan. Shu bois halokat bomba portlashi oqibatida yuzaga kelgan deb hisoblangan. Avvaliga u yukxona bo‘lmasida bo‘lgan deya taxmin qilingan, biroq keyinroq portlovchi qurilma yo‘lovchilar saloniga — chap bortning devor bilan orasiga joylashtirilgani aniqlangan (0,4-0,8 kilogramm trotil).
Bomba parvoz boshlanganidan bir necha soniya o‘tib portlagan va qanotning asosiy elementlari mahkamlangan fyuzelyajning chap tomonini uchirib yuborgan. Soatiga 550-600 kilometr tezlikda uch kilometr ham parvoz qilmagan samolyot “Vnukovo”dan 10 kilometr uzoqlikdagi “Baranova” qishlog‘iga qulagan.
Versiyalardan yana biriga ko‘ra, portlovchi qurilma huquq-tartibor organlari qo‘liga tushishi kerak bo‘lmagan yukda bo‘lgan. Aqlga sig‘adigan taxminlardan birida samolyotni o‘g‘rilashmoqchi bo‘lgani aytiladi: noshud terrorchi tasodifan portlovchi qurilmani ishga tushirib yuborgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham ikki yildan keyin, 1973-yilning bahorida terrorchilar ekipajning kursni o‘zgartirishiga erisha olmay, ikki marta shunday samolyotlarni portlatgan edi.
Ukraina mustaqilligini talab qilgan talabalar
Bundan 32 yil oldin 10-oktabr kuni Kiyevda norozilik namoyishiga chiqqan talabalar ochlik e’lon qilgandi. Mamlakat mustaqilligini talab qilgan talabalarning bu noroziligi tarixda “birinchi Maydon” sifatida qolgan.O‘sha yili USSR Oliy Radasiga saylovlar o‘tkazilgan va natijada kommunistlar parlamentda ko‘pchilikni tashkil etgan (239 nafar deputat), demokratik kuchlar vakillari esa 126 mandatni qo‘lga kiritib, muxolifat tashkil etgan. Biroq qayta qurish yillarida milliy kuchlar kuchayganiga qaramay, o‘sha paytdagi Ukrainaning umumiy yo‘nalishi kommunistik ko‘pchilik tomonidan belgilanardi. Xususan, SSSRni Moskvada ittifoq markaziga ega bo‘lgan yagona davlat sifatida “sementlash” uchun respublikalarning mustaqilligi foydasiga ba’zi imtiyozlar bilan yangilangan Ittifoq shartnomasini imzolashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilgan.
Ukrainadagi talablarning qator tashkilotlari — Ukraina talabalar ittifoqi, Talabalar birdamligi, Ukraina yoshlari ittifoqi va hokazo — bu kabi qadamga qarshi chibiq, butun Ukraina siyosiy tizimini dekommunizatsiyasini talab qilgan.
1990-yilning 2-oktabr kuni talabalar kutilmaganda Kiyevdagi Maydonda (u vaqtlarda Oktabr inqilobi maydoni) deb atalgan, chodirlar tiklashni boshlaydi. Norozilik aksiyasi shu kuni ertalab boshlangan. Talabalar guruhi maydonga chiqib, o‘z talab va shiorlarini aytgan. Asosiy namoyish o‘tkaziladigan joy huquq-tartibot idoralari aralashishi mumkinligi sabab sir saqlangan.
Ko‘pchilik aksiya Mariinskiy bog‘ida bo‘lib o‘tadi deb hisoblagan, militsiya ham o‘sha yerga jalb etilgan. Ammo talabalar bor e’tiborini Kiyevning asosiy maydoniga qaratgan. Kiyevliklar talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maydonda to‘plana boshlagan. Xalqning g‘azabini ko‘rgan Kiyev shahar kengashi boshlangan aksiyani qonuniy deb e’lon qilgan.
Talabalar noroziligi namoyishi tashkilotchilari hukumatdan oldindan kelishib olingan beshta aniq shartni talab qilgan:
- Yangi Ittifoq shartnomasini imzolashdan bosh tortish;
- USSR Oliy Radasiga 1991-yilning bahoridan kechiktirmagan holda ko‘p partiyalik saylovlarni qayta o‘tkazish;
- Ukrainalik askarlarni USSR hududiga qaytarish, shuningdek, harbiy xizmatni respublika hududida o‘talishini ta’minlash;
- Ukraina Kommunistik partiyasi mulkini milliylashtirish;
- USSR Vazirlar Kengashi raisi Vitaliy Masolni iste’foga chiqarish.
Bu kabi norozilik usuli Ukraina uchun misli ko‘rilmagan edi – ungacha faqat siyosiy mahbuslar va repressiyaga uchragan ukrainaliklar alohida ochlik e’lon qilishgan. Talabalar aksiyasi nafaqat Kiyevda, balki butun Ukrainada, hatto undan tashqarida ham keng ko‘lamli noroziliklarni keltirib chiqargan.
Anqaradagi ikki terakt
2015-yilning 10-oktabr kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida ikkita kuchli portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘lgandi. Shuningdek, kamida 126 kishi jarohatlangan edi.Portlashlar Turkiya so‘l siyosiy kuchlari va ISHIDga qarshi hamda kurdlarga qarshi keskinlashuvlardan norozi kasaba uyushmalari tomonidan tashkillashtirilgan “Tinchlik va demokratiya uchun” mitingi vaqtida shahar markaziy vokzali yaqinida sodir bo‘lgan.
Hukumat sodir bo‘lgan voqeani terakt deb baholagan va portlashlardan birini hudkush terrorchi uyushtirganini ma’lum qilgan. Halok bo‘lganlar orasida politsiya xodimlari ham bor edi. Teraktdan so‘ng miting tashkilotchilari ko‘chalarda aksiya o‘tkazish to‘xtatilishini bildirgan, volontyorlarda esa Anqara aholisini fojia oqibatida jabrlanganlarga qon berishga chaqirgan.
Anadolu agentlining ma’lum qilishicha, o‘sha vaqtdagi Turkiya bosh vaziri Ahmet Davuto‘g‘li teraktdan keyin Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirlarini ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on sodir bo‘lgan voqeani qoralab, xalqni umumiy xavf oldida birlashishga chaqirgan.
Fojia guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, portlashlardan keyin politsiyachilar va odamlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan, bunga fuqarolarning huquq-tartibot idoralarining harakatlaridan noroziligi sabab bo‘lgan. Politsyachilar jahl otiga mingan olamonni tarqatish uchun havoga o‘q uzishga ham majbur bo‘lgan. Odamlar esa “Politsiyachilar qotillar!”, deb baqirgan.
Ayrim muxolif partiyalar fojia fonida hukumatni qo‘llab-quvvatlashhni ma’lum qilgan. Portlashlardan keyin Erdo‘g‘on Turkmanistonga rejalashtirgan tashrifini bekor qildirgan va teraktga aloqadorlar qo‘lga olinib, jazolanishini ta’kidlagan. Mamlakatda halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qilingan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.