Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Aksar hollarda ijarachilar ijara narxini oshirish uchun yoki boshqa qimmatroq haq berishga tayyor turgan mijozga uyni berish uchun ijarada turgan shaxslarni tezroq uyni bo‘shatib qo‘yishni talab qilib, ularga bosim o‘tkazish holatlari uchrab turadi. Ayniqsa, yangi o‘quv yilining boshlanishi va Rossiyadan O‘zbekistonga ko‘chib keluvchilarning ortishi natijasida ijara narxlarini ko‘tarilgani, talabni ko‘paygani kuzatilmoqda.

Ijarachi va ijarada turgan shaxslar o‘rtasidagi nizolar qanday hal qilinishi yuzasidan huquqshunos Saidali Muxtoraliyev tushuntirish berdi.

Eng avvalo tushunib oling, ijarachi ijaradagi fuqaroni birdaniga, tomdan tarasha tushgandek uydan haydab chiqara olmaydi. Chunki o‘rtada qonun va ijara shartnomasi degan tushunchalar mavjud. Ijara shartnomasi bekor bo‘lmasdan turib, ijarada turgan fuqaro uy-joyni tark etmaslikka va yashashda davom etishga to‘laqonli haqlidir.

Fuqarolik kodeksining 615-moddasiga asosan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi. Ya’ni, agar siz uyda ijara shartnomasi tuzgan holda yashayotgan bo‘lsangiz, uy egasi sizni bu uydan chiqarish uchun sizga avval ijara shartnomasini bekor qilishni taklif qilishi kerak. Agar siz shartnomani bekor qilishga rozi bo‘lmasangiz, ijarachida sizga uydan chiqishni talab qo‘yish huquqi bo‘lmaydi. Ya’ni, kelishuvni rad etish sizni foydangizga ishlaydi va bunday hollarda shartnomadagi to‘lovni amalga oshirib, yashashda davom etishga haqlisiz.

To‘g‘ri, o‘zaro kelishuv bo‘lmasa uy egasida boshqa variant ham bor. Ya’ni yuqoridagi kodeksning 615-moddasiga binoan agar ijarada turgan shaxs 6 oy davomida, qisqa muddatli ijara bo‘yicha 2-martadan ko‘proq marta muddatida to‘lov qilmasa, yoki uy-joy vayron qilinib, unga putur yetkazilsa, yo bo‘lmasa, shu uydan g‘ayriqonuniy qilishlar sodir etish maqsadida foydalangan bo‘lsa, uy egasi shartnomani bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo kiritishi mumkin. E’tibor bering, shunda ham uy egasi ijara shartnomasini bir tomonlama bekor qilolmaydi, buning uchun u fuqarolik sudiga da’vo kiritishi va shartnomani bekor qilish haqida sud qarorini chiqartirishi kerak bo‘ladi. Sud ijarada turgan fuqaroning dardini ham tinglaydi, agar uy egasi nohaq bo‘lsa, uning da’vosini rad qiladi va ijara davom etaveradi. Agar uy egasi haq bo‘lsa, sud shartnomani uning foydasiga bekor qilib beradi. Shundagina uy egasida fuqaroni uydan chiqarishga dastlabki asos paydo bo‘lishi mumkin.

Biroq sud qarori bilan ijara shartnomasi bekor qilinganidan keyin, fuqaroni uydan chiqarish uchun ham yana sudning qarori kerak bo‘ladi. Bu masalada fuqarolik sudining fuqaroni uydan chiqarish haqidagi alohida hal qiluv qarori va undan keyin MIB davlat ijrochisining ijro ishini qo‘zg‘atish qarori ham bo‘lishi zarur.

Ko‘rib turganingizdek, noinsof ijarachilar ijarada turgan talabalar yoki oilasini zo‘r-bazo‘r tebratayotgan fuqarolarni shunchaki haydab sololmaydi. Buning uchun anchagina rasmiyatchilik va oylab davom etadigan sudlar, MIBdagi ijro jarayonlari bo‘lishi kerak. Bu davr mobaynida esa ijarada turuvchi fuqarolar albatta bu uyda yashab turadilar.

Ijara shartnomasi tuzmasdan yashayotgan fuqarolar ham bor, to‘g‘rimi? Agar shartnomasiz oyma-oy ijara olib kelayotgan uy egalari fuqarodan uyni bo‘shatib qo‘yishni talab qilsa, fuqaro ham shunga yarasha javob qaytarishi kerak. Undaylarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasiga asosan ijara shartnomasisiz ijaraga qo‘yganligi uchun BHMning 10 barobarigacha jarima borligini, undan keyin Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga asosan yetkazilgan zararni ham to‘lashi kerakligini eslatib qo‘yish kerak.

Xullas, ijarada turgan talabalar va fuqarolar, kelishilgan ijara to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab kelyapsizmi, huquqlaringizni ham to‘liqroq bilib oling. Hech kim sizni ijara uyidan asossiz haydab chiqarishga haqli emas.

Saidali Muxtoraliyev, huquqshunos

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Rossiya bosh vaziri Mishustin O‘zbekistonga keldi (foto)
Dunyo
“Daryo” kundaligida 1-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Eronda mamlakat terma jamoasining JChdagi mag‘lubiyatini nishonlagan yigit otib o‘ldirildi