O‘zbekistondagi OTMlar soni olti yilda 77 tadan 172 taga yetgan. Bu haqda ayni paytda AOKAda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Vazir ayni paytda AOKAning majlislar zalida talabalarni turar-joy bilan ta’minlash, ijara va to‘lov-kontrakt masalalariga doir ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashib, OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob bermoqda.
Tadbirda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 2016-yilda 77 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa, ayni kunda ularning soni 172 taga yetgan. Unda tahsil oluvchi talabalar esa 200 ming nafardan 800 ming nafarga oshgan.
“Ayni paytda O‘zbekistondagi OTMlar yotoqxonasida 91 ming talabaga joy bor. OTMlarda o‘quvchi 211 ming nafar talabaning esa turar-joyga ehtiyoji bor”, — dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov.
Vazirga ko‘ra, hozirgi kunga qadar talabalar yotoqxonasiga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan.
“O‘zbekistonda 2010—2016-yillar davomida ikki ming nafar talabaga yotoqxona qurilgan bo‘lsa, 2017—2022-yillarda 56 ming o‘rinli talabalar yotoqxonasi qurilgan. Ayni kundagi hisob-kitoblarga ko‘ra 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish uchun 20 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi”, — dedi vazir Toshqulov bu haqda gapirar ekan.