Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

25-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan insondan insonga qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot, sakkiz soatli ish rejimini joriy etgan Genri Ford va Irlandiya tarixidagi eng yirik qochishlardan biriga oid faktlar o‘rin olgan.

“Umidsiz vaziyat”: qon quyish qanday o‘ylab topilgan edi?

Bundan 204 yil oldin 25-sentabr kuni bir inson qonini boshqa bir odamga quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot qayd etilgan. Operatsiyani londonlik akusher Jeym Blandell o‘tkazgan bo‘lib, qon ketib qolgan tug‘uruqdagi ayolning hayotini saqlab qolgan.

Parijdagi Salpetrier shifoxonasida qon quyish jarayoni, 1874-yil

Parijdagi Salpetrier shifoxonasida qon quyish jarayoni, 1874-yil
Foto: Wikimedia

Biroq oradan 100 yil o‘tgandan keyingina qon quyish usuli kundalik va umumfoydalanishda qo‘llanila boshlagan. Gemotransfuziyadan ommaviy foydalanishga Birinchi jahon urushi sababchi bo‘lgan. Mazkur yangilik harbiy mojarolarga tushib qolgan minglab insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilgan.

Blandell foydalangan usul hozirda qonuniy hisoblanmaydi. Professional sportda autogemotransfuziya — mushaklarga kislorod borishini yaxshilash uchun atletga o‘z qonni quyish amaliyoti keng tarqalgan. Butunjahon dopingga qarshi kurashish agentligi (WAD) va Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi mazkur amaliyotni dopingga tenglashtirgan.

O‘z davri uchun Blandell, albatta, katta sakrashni amalga oshirgan. Qonga oid ilmiy bilimlar juda past darajada edi. Ammo Blandell uni o‘rganishga butun hayotini sarflagan. 28 yoshida u tarixiy operatsiyani bajargan, londonlikni XIX asr boshlari o‘lchovlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassis deb atash mumkin edi.

Akusher tug‘uruq vaqtida qon ketib qolgan ayolga uning turmush o‘rtog‘idan shprits yordamida 100 millilitrdan ortiq qonini olib, bemorga quygan. Ayolning ismi ma’lum emas. Ammo Blandell gemotransfuziya qon ketishi oqibatida yuzaga keladigan o‘limlar sonini kamaytirishiga ishonch hosil qilgan.

1818-yilga kelib yosh akusher itlar ustida qator tajribalarni amalga oshirgan. Blandell hayvonlardan insonga qon quyilganda doim omadsizlik bilan yakunlanganini yozib qoldirgan. Qator xatoliklar va tajribalar davomida u sut emizuvchilarning qoni bir-biridan farq qilish xususiyatiga ega ekanini tushunib yetgan.

Insondan insonga birinchi qon quyish amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa-da, Blandellning keyingi tajribalari omadsiz kechgan. Shifokorning dastlabki sakkiz bemoridan to‘rt nafari halok bo‘lgan, ya’ni ushbu uslubning samaradorligi 50 foizdan oshmagan.

Blandellning “Qon quyishda kuzatuvlar” maqolasiga ishlangan surat, 1829-yil

Blandellning “Qon quyishda kuzatuvlar” maqolasiga ishlangan surat, 1829-yil
Foto: Wikimedia

Blandell manipulyatsiya jarayonini va ularning oqibatlarini sinchkovlik bilan qayd etib borgan. Nazoratning to‘rt usuli ishlab chiqilgan: bemorning umumiy ahvoli, qon olinish hajmi, qon quyishning uzluksizligi va yurak holati. Akusherning ta’kidlashicha, qon quyilganidan keyin odamning “tanasi qiziy boshlaydi va holati yaxshilanadi”. Blandellgacha bo‘lgan tibbiyot xodimlari faqat arterial qondan foydalangan bo‘lsa, britaniyalik o‘z tajribalarida venoz qonini ishlatgan. Uning sifati gemotransfuziya uchun ancha ma’qul kelgan.

Blandell o‘z ishlaridan birida operatsiyaning xavfi va asoratlari haqida yozgan: qonning ivib qolishi sabab uni quyishning qiyinlashishi, shuningdek, havo emboliyasi, ayrim holatlarda donor qonining bemornikiga mos kelmasligi.

Keyinchalik Blandell o‘z operatsiyalarida kerak bo‘ladigan anjomlarni yaratgan. Mehnatlari samarasi o‘laroq u ikkita apparatni ixtiro qilgan — biridan qon bosim ostida quyilgan, boshqasi tortishish kuchi orqali jarayonni amalga oshirgan.

Jeyms Blandellning qon quyishda ishlatiladigan uskunalari

Jeyms Blandellning qon quyishda ishlatiladigan uskunalari
Foto: Global Look Press

Shunga qaramay, mazkur usul ekzotikligicha qolgan va undan faqatgina oxirgi chora sifatida foydalanilgan. 1820-1870-yillar davomida jahon adabiyotida qon quyish bilan bog‘liq 75 ta holat keltirilgan xolos. 1875-yilda esa muvaffaqiyatli gemotransfuziyalar soni 347 taga yetgan.

Gemotransfuziyani amalga oshirishga urinishlar britaniyalik akusherga qadar ham o‘tkazilgan. 1795-yilda amerikalik shifokor Filipp Sing Fizik bir odam qonini boshqasiga quygan. 1667-yilda esa fransiyalik Jan-Batista Den va angliyalik Richard Loer parallel ravishda qon quyishni sinab ko‘rgan. Ularning ikkisi ham qo‘yning qonini insonga quyish bo‘yicha omadsiz tajribalarni o‘tkazgan. Ularning tajribalari muvaffaqiyatsiz urinishlar soni ortib ketgani bois qonunchilik darajasida taqiqlangan va jamoatchilik tomonidan keskin qoralangan. XVII asrda olimlar bir it qonini boshqasiga quyib ko‘rgan. Ayrim operatsiyalar yaxshi kechgan bo‘lsa-da, buning rasmiy isbotlari saqlanib qolmagan.

1628-yilda ingliz olimi Uilyam Garvey birinchi bo‘lib inson tanasidagi qon aylanish tizimini izohlab bergan. Uning mehnatlari keyingi avlodlarga gemotransfuziya usulini ishlab chiqishni boshlashda qo‘l kelgan.

O‘zganing qonini quyishning ijobiy ta’sirlari haqida antik davrda ham ma’lum bo‘lgan. Qadimgi Rim bitiklarida keltirilishicha, keksa patrisiyalar yosharish umidida o‘layotgan gladiatorlar qonini ichgani ma’lum. Gippokrat esa ruhiy kasal insonlarni qon yordamida davolash samaradorligi haqida yozib qoldirgan.

Hozirgi kunda ko‘plab davlatlarda amal qilinadigan 8 soatli ish rejimini amerikalik avtomobil magnati Genri Ford 1926-yilning 25-sentabridan boshlab joriy etgan.

888 falsafasi

1914-yilning 5-yanvarida Ford o‘z kompaniyasidagi ish soatini 9 dan 8 soatga qadar qisqartirib, oyliklarni 3 dollardan 5 dollarga qadar ko‘targan. Uning raqiblari bu kabi yangilikka shubha bilan qaragan, biroq sanoatchining ushbu uslubi o‘zini oqlagan. Mamlakatdagi eng yaxshi mexaniklar Ford Motor Company’ga ishga o‘tgan va kompaniyaning ish samaradorligi keskin oshgan. Natijada ikki yil ichida Genri Ford daromadini ikki barobarga oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Pikabu

Mazkur g‘oyaning iqtisodiy jihatdan samaradorligiga qaramay, butun Amerika 8 soatli ish kuniga oradan 23 yil keyin — 1937-yilda bir qator ish tashlashlar va adolatli mehnat standartlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganida o‘tgan.

Ta’kidlanishicha, ish vaqtini qisqartirish g‘oyasi aslida Genri Fordga tegishli emas. 1593-yilda qirol Filipp II ning qarori bilan birinchi 8 soatli ish jadvaliga o‘tilgan, ammo unda ish yuklamasi o‘zgarmagan. Masalan, quyosh tig‘ida mehnat qilmaslik uchun xodimlar ertalab va kechqurun 4 soatdan ishlagan.

Ko‘pchilik o‘rgangan ish grafigiga o‘tish borasidagi navbatdagi qadamni 1810-yilda Robert Ouen ismli tadbirkor qo‘ygan. Avvaliga u Nyu-Lanarkdagi korxonasiga 10 soatli ish kunini belgilangan (bunga qadar 14-16 soatga mehnat qilingan), oradan yetti yil o‘tgach uni 8 soatga qadar tushirgan. Ouen hatto maxsus shiorni ham o‘ylab topgan: “8 soat ish, 8 soat ko‘ngilxushlik va 8 soat hordiq”.

Shunday bo‘lsa-da, haftasiga 5 kunlik ish rejimi uzoq vaqt ommalashmagan va XX asr boshlariga kelib, keng joriy etilish boshlangan. Xususan, Osiyoda “haftasiga besh kundan 8 soatli” ish rejimi birinchi bo‘lib Hindistonda 1912-yilda joriy etilgan. 1917-yilda g‘oya SSSRda qonuniylashtirilgan. Yevropadagi aksariyat davlatlarda esa kasaba uyushmalarining qator noroziliklardan keyin 1919-yilda o‘rnatilgan.

Foto: Pikabu

Yaponiyada haftasiga 40 soatli ishga birinchi bo‘lib Kawasaki korxonasi o‘tgan. Butun mamlakat bo‘ylab esa oradan 28 yil o‘tgach, joriy etilgan. 8 soatli ish rejimini eng oxirgilardan biri bo‘lib Avstraliya joriy etgan — 1947-yilda.

XXI asr boshlaridan beri ish soatlarini qisqartirish g‘oyasi ko‘plab davlatlarda muhokama qilinmoqda. Masalan, 2010-yilda Britaniyaning New Economics Foundation fondi mamlakatda haftasiga 21 soatli ish rejimini joriy etish taklifi bilan chiqqan. Tadqiqot mualliflarining fikricha, bu kabi chora faqat ishlash, pul topish, ko‘proq iste’mol qilish halqasini buzishga yordam beradi. Uning yordamida stresslar soni kamayadi, sayyoradagi tabiiy resurslar sarfi qisqaradi: odamlar kamroq iste’mol qilib, zavodlar gaz chiqarishi kamayadi.

2016-yili Islandiyadagi o‘tkazilgan tadqiqot davomida Reykyavikdagi qator kompaniyalar xodimlari haftasiga 4-5 soat kam ishlashga o‘tgan — bunda samaradorlik darajasi avvalgidek qolgan, kasallik ta’tillari esa qisqargan.

Meyzdan qochish yoki “Buyuk qochish”

1983-yilning 25-sentabr kuni Shimoliy Irlandiyadagi Meyz qamoqxonasining H7 blokidan Muvaqqat Irlandiya Respublika armiyasining (IRA) a’zosi bo‘lgan 38 nafar mahbus qochib ketgan edi. Oldinlari Long-Kesh nomi bilan atalgan Meyz Yevropadagi eng xavfsiz va himoyalangan qamoqxonalardan biri hisoblangan. Unda Shimoliy Irlandiyadagi mojarolar davridagi harbiylashtirilgan kampaniyalarda ishtirok etganlar saqlangan.

Foto: The Journal

Bu Britaniya tarixiga qochoqlar soni eng ko‘pni tashkil etgan qochish hisoblanadi. Qochish natijasida qamoqxona nozirlaridan biri yurak xurujidan vafot etgan, yana 20 tasi yaralangan, ikki nafari esa kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qurol yordamida jarohat yetkazilgan. Ushbu qochish IRA tashviqotiga qo‘l kelgan. Hukumatdan iste’fo talab qilingan. Rasmiy tergov asosiy aybni qamoqxona xodimlariga yuklagan.

Bundan oldingi qochishlar

Shimoliy Irlandiyadagi mojarolar davrida hibsga olingan IRA guruhlari bir necha bor ommaviy qochishlarni amalga oshirgan. 1971-yilning 17-noyabrida to‘qqiz nafar mahbus (“Kramlin kengurusi” guruhi) Kramlin-roud qamoqxonasidan devordan arqon yordamida qochgan. Qochoqlarning ikki nafari qo‘lga olingan, ammo qolgan yetti nafari Irlandiya Respublikasi chegarasidan o‘tishga muvaffaq bo‘lib, Dublindagi matbuot anjumanida paydo bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tgach 17-yanvar kuni HMS Maidstone suzuvchi bazadan yetti nafar mahbus qochgan.

Foto: The Journal

1973-yilning 31-oktabr kuni esa IRAning uch nafar yetakchisi, jumladan, sobiq shtab boshlig‘i Shimus Tvumi Dublindagi Mauntjoy qamoqxonasidan sayr maydonchasiga qo‘ngan vertolyot yordamida qochgan. Irlandiyaning Wolfe Tones musiqiy guruhi mazkur qochish sharafiga The Helicopter Song (“Vertolyot qo‘shig‘i”)ni yozgan va u mamlakatdagi mashhur musiqiy qo‘shiqlar ro‘yxatining yuqori pog‘onalarini egallagan.

Shuningdek, 1974-yilning 18-avgustida IRAning 19 nafar a’zosi Port-Lishe qamoqxonasining qo‘riqchilari qurollarini tortib olib, darvozani portlatgan holda qochib ketgan. Shu yilning 6-noyabrida esa 33 nafar mahbus tunnel qazib, Long-Kesh qamoqxonasidan qochishga muvaffaq bo‘lgan. IRA a’zosi Xyu Koni soqchi tomonidan otib o‘ldirilgan, qolgan 29 nafar qochoq qamoqxona yaqinida ushlangan, uch nafarini qo‘lga olishga esa bir necha kun sarflangan.

1975-yilning martida Long-Kesh qamoqxonasidan qochishga urinishda ayblangan 10 nafar mahbus Nyuridagi sud zalidan qochgan. Ular orasida 1983-yilgi qochishning tashkilotchilaridan biri Larri Marli ham bo‘lgan. 1981-yilning 10-iyunida IRAning sakkiz a’zosi Kramlin-roudan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Uchta pistolet bilan qurollangan mahbuslar nozirlarning maxsus kiyimlarini kiyib, qamoqdan chiqib ketgan.

Meyzdan qochish

Meyz qamoqxonasi Yevropadagi eng yaxshi himoyalangan hibsxona hisoblangan. Balandligi 4,6 metrni tashkil etadigan baland panjaralardan tashqari, har bir H-blok 5,5 metrli beton devor bilan o‘ralgan bo‘lib, yuqori qismidan tikanli sim tortilgan. Majmuaning darvozasi yaxlit po‘latdan quyilgan va elektron boshqarilgan. Mahbuslar qochish rejasini bir necha oy davomida rejalashtirgan. Bobbi Stori va Gerri Kelli H7 blokida sanitar bo‘lib ish boshlagan va xavfsizlik tizimining nozik joylarini o‘rgangan. Bundan foydalangan holda qamoqxonaga olti ta qurol olib kirishga muvaffaq bo‘lingan.

25-sentabr kuni soat 14:30 da mahbuslar H7 blokida nazoratni qo‘lga olib, nozirlarga “trevoga” signalini berishga yo‘l qo‘ymagan. Qamoqxona nozirlaridan biriga yig‘ma pichoq yordamida zarba berilgan, boshqa birining boshida orqadan zarba berilgan. Qochishni buzmoqchi bo‘lgan nozir Gerri Kelli ismli mahbus tomonidan yaralangan.

Foto: The Journal

Shu kuni soat 14:50 da mahbuslar H7 blokida to‘liq o‘z nazoratini o‘rnatgan. 12 nafar mahbus nozirlarning formalarini kiyib olgan, shuningdek, ular o‘z mashinalari kalitlarini ham berishga majbur bo‘lgan. Asirlarni tutib turish va “trevoga” e’lon qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun alohida guruh qoldirilgan. Shundan keyin, taxminlarga ko‘ra, qochoqlar ketib bo‘lgach, guruh o‘z kameralariga yo‘l olishi kerak bo‘lgan. Soat 15:25 da H7 blokining kirish qismiga oziq-ovqatlar ortilgan yuk mashinasi kelgan. Brenden Makfarlan va boshqa mahbuslar yuk mashinasining yo‘lovchilarini qo‘lga olib, ularni blokka olib kirgan. Mahbuslar haydovchiga yuk mashinasidan qochishdan foydalanishlarini aytib, undan qaysi yo‘l bilan yurish kerakligini so‘ragan. Bobbi Stori haydovchiga shunday degan: “Bu yigit (Gerri Kelli) 30 yilga hukm etilgan va majbur bo‘lsa, ko‘zini pirpiratmasdan otib tashlaydi. Uning yo‘qotadigan narsasi yo‘q”.

Soat 15:50 da mahbuslar H7 blokini tark etgan, haydovchi va qamoqxona nozirlari boshlig‘ini yuk mashinasiga o‘tqizgan. Haydovchining oyog‘i muftaga bog‘lab qo‘yilgan. 37 nafar mahbus furgonga chiqqan, Geri Kelli esa pistoletni haydovchiga to‘g‘rilab, kabina poliga yotgan. Maxsus formani kiyib olgan 10 nafar mahbus pistoletlar bilan qurollangan holda yuk mashinasidan tushib, qorovulxonaga kirgan va u yerdagi ofitserlarni asirga olgan. Oradan 15 daqiqa o‘tgach, qo‘riqchilar qarshilik ko‘rsatishga kirishgan, ulardan biri “trevoga” signalini bosishga ulgurgan.

Foto: The Journal

Mahbuslar bir necha urinishdan keyin asosiy darvozalarni ochishgan va soqchixonadagi sheriklarini kuta boshlagan. Bu vaqtda ikki nafar ofitser chiqish yo‘lini o‘z mashinalari bilan to‘sib qo‘ygani sabab mahbuslar yuk mashinasini tashlab qochishgan. To‘rt nafar mahbus bitta ofitserga tashlanib, uning mashinasini qo‘lga kiritgan va tashqi darvoza tomon otlangan. Ikki nafar mahbus darvoza orqali qochayotganida, ulardan biri qo‘lga olingan. Qolganlar panjaradan oshib o‘tib, qochgan. Soat 16:18 da darvozlar yopilgan va to‘liq nazorat o‘rnatilgan. Jami 35 nafar mahbus qamoqxonani tark etgan. Ushbu qochish Britaniya va Yevropa tarixida Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qochish hisoblanadi.

Qamoqxona tashqarisida IRAning yuzlab qurolli a’zolari mahbuslarga yordam ko‘rsatishi kerak edi. Ammo besh daqiqalik xatoga yo‘l qo‘yilgani bois mahbuslar o‘zlarini kutib turgan transport vositasini topa olmay, maydon orqali qochgan. Britaniya armiyasi qo‘mondonligi va Olster politsiyasi zudlik bilan favqulodda holat rejimida ishga kirishgan. Soat 16:45 da qamoqxona mashinalar yordamida halqa shaklida o‘rab olingan. Soat 23:00 da qochoqlardan biri qo‘lga olingan.

Qochoqlar taqdiri

Qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan 15 nafar mahbus shu kunning o‘zida qo‘lga olingan. Keyingi ikki kunda yana to‘rt qochoq ushlangan, jumladan, Xyu Kori va Patrik Makintayr ham. Qolgan 19 nafar qochoqning 18 nafari Arma grafligidagi respublikachilar bazasidan topilgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 175 kishining pasportiga IMEI kodlari noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi
Dunyo
Pablo Eskobar buyrug‘i bilan portlatilgan Boeing, “Nevskiy ekspress” poyezdidagi terakt va sovet hukumatiga qarshi boshlangan Slutsk qo‘zg‘oloni. Kun xronologiyasi...
Mahalliy
Uy-ro‘zg‘or ishlari ayollarning iqtisodiy faolligini tushiradi: O‘zbek ayolining martabaga erishish imkoniyatlari tahlil qilindi