Irlandiyada shifokorlar 66 yoshli ayolning oshqozoni va yo‘g‘on ichagidan 55 ta barmoq shaklidagi batareyalarni chiqarib oldi, deb xabar bermoqda HuffPost.
Dublinlik ayol qorin dam bo‘lishi va og‘rishidan shikoyat qilib, Avliyo Vinsent gospitaliga murojaat qilgan. Shifokorlar ayolni rentgenga tushirib, uning oshqozonidan va yo‘g‘on ichagidan anchagina yot buyumlar borligini aniqlagan.
Dastlab shifokorlar batareyalarning organizmdan tabiiy yo‘l bilan chiqib ketishini kutishga qaror qilgan, ammo bir hafta deganda bor-yo‘g‘i beshta batareya tanani tark etgan, bemorning qornidagi og‘riq esa kuchaygan. Shunda shifokorlar jarrohlik yo‘li bilan qolgan 50 ta batareyani olib tashlagan.
Nashr yozishicha, bu bir marta yutib yuborilgan batareyalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatilgan holatdir.
Ayni paytda bemor shifokorlar ko‘rigi ostida. 55 ta batareya ayolning qornidan qanday joy olganiga aniqlik kiritilmayapti. Biroq shifokorlar qayd etishicha, batareyalarni yutish o‘z-o‘zini mayib qilishning juda xavfli yo‘li bo‘lib, shilliq qavatga zarar yetkazishi, ichakning teshilishi va bekilib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)