SHHTning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitda mamlakat rahbarlari so‘nggi uch yilda birinchi marta yuzma-yuz yig‘iladi. Bu pandemiya davrida to‘planib qolgan ikki tomonlama, mintaqaviy va global muammolarni muhokama qilish uchun fursat va samarali imkoniyat bo‘ladi. Jahon siyosati va iqtisodiyotidagi jiddiy siljishlar sharoitida Samarqand sammitining ahamiyati yanada oshadi. Aytilishicha, unda tashkilot rivojlanishining kelajakdagi yo‘nalishlarini belgilaydigan asosiy qarorlar va bitimlar tuzilishi kerak.
Ta’kidlanishicha, SHHT blok emas, ko‘p qirrali hamkorlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi tashkilot bo‘lib, u hech qanday geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlamaydi, hech kimga qarshi harakat qilmaydi. Ushbu tamoyillar uning xartiyasida aniq ko‘rsatilgan. Tashkilotning shu kungacha bosib o‘tgan yo‘li ushbu qoidalarga qat’iy rioya qilinayotganini tasdiqlaydi.
Sammitda 15 ta davlat rahbarlari va SHHT bilan hamkorlik qilayotgan 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etadi. O‘zbekiston 2021-yil davomida SHHTga raislik qilgan. Pragmatizm, dinamizm va tashabbuskorlik so‘nggi yillarda o‘zbek diplomatiyasining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylandi. Mamlakat tashqi siyosati SHHT makonidagi “yirik”, “o‘rta” va “kichik” mamlakatlar manfaatlarini muvozanatlash imkonini berdi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu Toshkentga muhim ustunlik — SHHTga a’zo barcha davlatlarning ishonchini beradi, bu esa ushbu platforma orqali yirik mintaqaviy va global tashabbuslarni ishonchli tarzda ilgari surish imkonini beradi.
O‘zbekistonning SHHT yangi davrda qanday bo‘lishi kerak, degan savolga konseptual yondashuvini u ilgari surgan ustuvor yo‘nalishlarda — savdo, sanoat va texnologik hamkorlik, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va yashil iqtisodiyotda ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston SHHT davlatlariga jahon miqyosidagi geosiyosiy va iqtisodiy silkinishlar davrida ko‘p tomonlama hamkorlikning qadriyatlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif etyapti. Shu bois SHHTning Samarqand sammitida Shavkat Mirziyoyev kun tartibini sezilarli darajada yangilash va mazkur tashkilot faoliyatini modernizatsiya qilishga qaratilgan qator ilg‘or tashabbus va takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.
SHHT salohiyatiga xalqaro miqyosda qiziqish ortib bormoqda. Tashkilotning o‘zagini Markaziy Osiyo davlatlari tashkil etadi, degan fikr mavjud. Darhaqiqat, SHHT ushbu mintaqada hamkorlikning yangi formatini rivojlantirish uchun yaratilgan.
Bugungi kunda SHHT jiddiy o‘zgarish bosqichiga qadam qo‘ymoqda va bu jarayon uning son tarkibini kengaytirish hamda tashkilot ichidagi va atrofidagi o‘zgaruvchan voqeliklar bilan bog‘liq. Shunday qilib, Samarqand sammitida Eronning majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda, bu mamlakatga SHHTga a’zo bo‘lish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochadi. Bundan tashqari, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot hamkori maqomini berish bo‘yicha memorandumlar imzolanadi. Bahrayn va Maldiv orollarining hamkorlik maqomini olish uchun arizalarini tasdiqlash kutilmoqda.
Shunga qaramay, Markaziy Osiyo, ekspertlarning fikriga ko‘ra, SHHTning negizi bo‘lib qolishi kerak, chunki u tashkilotning kengayib borayotgan makonining bog‘lovchi mintaqasidir. Shuning uchun Markaziy Osiyoda ijobiy va ortga qaytmas jarayonlarni mustahkamlash SHHT manfaatlariga mos keladi.
Sammit doirasida qator muhim qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan. SHHTning ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 30 ta kelishilgan hujjatlar tayyorlangan. Shu bilan birga, tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ro‘yxat yanada kengaytiriladi.
Sammitning asosiy yakuniy hujjati Samarqand deklaratsiyasi bo‘ladi, unda SHHT mamlakatlarining mintaqaviy va global muammolarni hal etishga umumiy yondashuvlari tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bilan birga aks etadi.