Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq Vladimir Imomovich Norov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgani va unda Vladimir Norovni tashqi ishlar vaziri lavozimiga ma’qullash masalasi ko‘rib chiqilib, ma’qullangani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oxirlarida O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Komilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Shuningdek, Vladimir Norov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, uning zimmasiga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatilgandi.
Ma’lumot uchun, Vladimir Norov 1955-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1972—1976-yillarda Buxoro pedagogika instituti talabasi bo‘lgan. 1983—1985-yillarda — Sovet Ittifoqi ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi.
Shuningdek,
- 1976-1978 — Qurolli Kuchlar xizmatida;
- 1978-1982 — Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor vakili, katta tezkor vakili;
- 1982—1983-yillarda Buxoro shahri ichki ishlar bo‘limi jinoyat-qidiruv bo‘linmasi boshlig‘i;
- 1985—1988-yillarda Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki xavfsizlik bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari;
- 1988—1990-yillarda Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshlig‘i;
- 1990—1993-yillarda Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari — jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshlig‘i;
- 1993—1995-yillarda O‘zbekiston prezidenti devonining yetakchi konsultanti;
- 1995—1996-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari vazifalarida ishlagan;
- 1996—1998-yillarda O‘zbekiston prezidentning davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi;
- 1998-2003 — O‘zbekistonning Germaniyadagi, o‘rindoshlik asosida — Polsha va Shveytsariyadagi elchisi;
- 2003—2005-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari;
- 2005—2006-yillarda O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi;
- 2006-yil 12-iyuldan 2010-yil 1-noyabrgacha — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri;
- 2010—2013-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari;
- 2013—2017-yillarda O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi;
- 2017-yil 4-apreldan 2019-yil 1-yanvargacha — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktor — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari;
- 2019-yil 1-yanvardan 2021-yil 31-dekabrgacha Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi;
- 2021—2022 — O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari vazifalarida faoliyat olib borgan.