Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi kiyinish xonasiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgani va bundan ota-onalar norozi ekani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Xalq ta’limi vazirligi holatni o‘quvchilar o‘rtasida o‘g‘irlik va shunga o‘xshash holatlarning oldini olish bo‘lgani bilan izohlagan.
Ushbu masala tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandan so‘ng maktab ma’muriyati tomonidan kiyinish xonasidagi kamera olib tashlangan.
Amaliyotchi yurist Saidali Muhtoraliyev “Daryo” muxbiriga bergan qisqacha intervyusida voqea yuzasidan huquqiy munosabatini aytib o‘tdi.
Toshkentdagi bir maktabda qiz bolalarning kiyinish-yechinish xonasiga videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgani, maktab ma’muriyati bu ishini oqlab, bu tadbirni xavfsizlik va turli qonunbuzarliklarning oldini olish uchun qilgani haqida xabar tarqaldi.Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlardan izoh kutib qolamiz.Bu yerda masalaning axloqiy va ma’naviy jihatlari muhim, shu sababli oddiy bir yurist sifatida bunday choralarga qarshiman, muammoga boshqacha yechim topish kerak.
O‘ylab ko‘ring, yetti yoshli bola ham, yetmish yoshli keksa odam ham bir tushuncha bilan inson va shaxs hisoblanadi.
Qadr-qimmat va sha’n masalasi ularning har ikkisi uchun ham birdek teng tushunchalardir. Yosh bolada nafaqat uning sha’ni, balki uning ota va onasining sha’ni ham bo‘ladi.
Oddiy kundalik hayotda ham, insonlarning yurish-turish jarayonilarida ham muayyan bir axloqiy va ma’naviy chegaralar mavjud.
Masalan, siz yoki sizning farzandingiz ko‘chada yoki jamoatchilik joyida yalang‘och yurmaysizku, bundan uyalasiz, sababi bu sizning axloqiy qadriyatlaringizga va or-nomusingizga to‘g‘ri kelmaydi.
Ayni shu sababli, kimdir sizni ana shunday holatda kuzatib turishi, yoki tasvirga olishini va siz haqingizda qandaydir ma’lumotlar yig‘ishini qabul qil olmaysiz, chunki bu sizning sha’ningiz va g‘ururingizni toptaydi.
Agar shunday holatlar sodir bo‘lsa, siz qattiq ruhiy va ma’naviy azob chekasiz, o‘zingizni kamsitilgan deb his qilasiz. Asosiy gap mana shunda.
Qonunchilik masalasiga kelsak. Bu borada 2008-yil 7-yanvardagi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga e’tibor qaratgan bo‘lardim.
Ushbu qonunning 4-moddasida bolalarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Mazkur qonunning 10-moddasiga ko‘ra, har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Ana shu qoidalarga asoslanib shaxsan men, maktablardagi qiz bolalarning kiyinish va yechinish xonasiga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishini hamda ushbu kiyinib-yechinish jarayoni begona shaxslar tomonidan kuzatilishi hamda tasvir ma’lumotlarining yig‘ilishini bolalar va ota-onalar sha’ni va qadr-qimmatini buzish hamda ularning shaxsiy daxlsizligiga daxl qilish deb hisoblayman.
Bir narsani eslatib qo‘yishimiz kerak, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-1-moddasiga asosan shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bolalar voyaga yetguniga qadar ularning huquq va manfaatlarini qonuniy vakil sifatida ularning ota-onalari ifodalaydilar (yuqoridagi kodeksning 296-moddasi). Ya’ni, asosiy shaxslar sifatida sahnada bolalarning ota-onalari turganini ham unutmaslik kerak.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.