Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi avgust oyidagi ishbilarmonlik faoliyatini tahlil qildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Soliq tushumlari
Joriy yilning 1-yanvaridan 31-avgustigacha bo‘lgan davrda mamlakatda soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,5 foizga oshgan.
Jumladan, Farg‘ona (38,7 foiz), Samarqand (36,3 foiz), Sirdaryo (35,5 foiz), Surxondaryo (34,4 foiz), Buxoro (32,3 foiz), Xorazm (31,9 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida (42,8 foiz) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladanб jarayonlarni raqamlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish hisobiga ta’minlandi.
Bojxona tushumlari
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshdi.
Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Qoraqalpog‘iston (59 foiz), Andijon (51,9 foiz), Xorazm (48,6 foiz), Buxoro (46,8 foiz), Sirdaryo (44,3 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida (46,2 foiz) kuzatildi.
Bojxona tushumlarining o‘sishi tashqi savdo aylanmasining o‘sishi, mamlakatda ishlab chiqarish quvvatlarining oshirishi, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, jumladan, bojxona tomonidan risklarni boshqarish tizimidan keng foydalanish hisobiga ta’minlandi.
Avvalroq O‘zbekistonda kontrakt uchun to‘lov soliqqa tortilmasligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)