Ruminiya harbiy kemasi Qora dengizda oqim bo‘ylab suzib yurgan minaga tegib, portlab ketdi, deb yozadi “RBK” mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari matbuot xizmatiga tayanib.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, “Leytenant Dimitriye Nikolesku” kemasi 8-sentabr kuni minani zararsizlantirish bo‘yicha missiyani amalga oshirish uchun Konstansa portidan chiqib ketgan. Uni GSP Falcon kemasi Konstansa portidan taxminan 46 km uzoqlikdan topgan.
OAVlarga qaraganda, harbiy mina bo‘lgan hududda ob-havo sharoitlari yomonlashgani sababli harbiy g‘avvoslar vazifani bajara olmagan. Oxir-oqibat, tunda kema mina bilan to‘qnashib ketgan, uning dum qismida yoriq paydo bo‘lgan.
Kemada 75 nafar harbiy xizmatchidan iborat ekipaj bo‘lgan. Reuters xabariga ko‘ra, ularning hech biri jabrlanmagan.
Ruminiy harbiylari mart oxirida ham oqim bo‘yicha suzib yurgan dengiz minasini aniqlagan edi. Shundan keyin mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari shtab boshlig‘i mina topilgan maydonni razvedka qilishni topshirdi va, oxir-oqibat mina yo‘q qilindi. Qora dengizda Ruminiyadan tashqari, Turkiya va Bolgariya harbiylari ham minalarni zararsizlantirgan.