9-sentabr kuni Rossiyaning 82 ta mintaqasida turli darajadagi saylovlarda uch kunlik ovoz berish boshlandi, deb yozadi Meduza. Asosiy va so‘nggi ovoz berish kuni 11-sentabr bo‘ladi.
Gubernatorlik saylovlari 14 ta mintaqada bo‘lib o‘tadi, yana bir mintaqa — Adigeyada qonun chiqaruvchi majlis respublika rahbarini saylaydi. Oltita subyektda mintaqaviy parlamentlar saylanadi. 12 ta mintaqada, shu jumladan, Moskvada ham munitsipal saylovlar o‘tkaziladi.
Elektron ovoz berish Moskvada, Kaliningrad, Kaluga, Kursk, Novgorod, Pskov, Tomsk, Yaroslav viloyatlarida qo‘llaniladi. Saylovlarni kuzatish bo‘yicha Moskva shtabi xabariga ko‘ra, onlayn ovoz berish tizimi allaqachon 350 dan ortiq xakerlik hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.
Moskvada saylovlar arafasida mustaqil siyosatchilar ta’qib qilingan. Xususan, ular taqiqlangan ramzlarni namoyish etganlik haqidagi modda bo‘yicha ommaviy ravishda ma’muriy javobgarlikka tortilgan, bunda gap, asosan, “Aqlli ovoz berish” ramziy belgisi haqida bormoqda, u Aleksey Navalniyning taqiqlangan tuzilmalariga taalluqli ramziy belgi deb baholangan edi. Munitsipal deputatlikka nomzodlardan biri Sergey Bursev esa avgust oxirida do‘pposlangan, oqibatda umurtqa pog‘onasi singan.
“Aqlli ovoz berish” — Aleksey Navalniy jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan, saylovlarda qarshi ovoz berish strategiyasi. U o‘z ovozini hukumatparast nomzodga berishni istamaganlarga eng kuchli raqibga ovoz berishni taklif qiladi. Bunday raqibni Navalniy jamoasining o‘zi belgilaydi: odatda u o‘tgan saylovlarda nomzodi qaysidir okrugda ikkinchi o‘rinni olgan partiya vakili bo‘ladi.