AQSH Estoniya va boshqa Boltiq mamlakatlaridagi harbiy ishtirokini oshiradi, deb yozadi “Interfaks”. Bu haqda Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan Germaniyadagi “Ramshtayn” aviabazasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan keyin ma’lum qilgan.
“Mudofaa vaziri Ostin shuni tasdiqladiki, NATOning Madriddagi sammitida erishilgan kelishuvga muvofiq, AQSH yaqin orada Estoniya va boshqa Boltiq mamlakatlarida Amerika bo‘linmalari rotatsiyasini va harbiy mashqlar o‘tkazishni ko‘paytiradi. Bu AQSHning mintaqadagi ishtiroki davom etishi haqidagi kuchli signaldir, va bu NATOning sharqiy qanotida tiyib turish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarimizni kuchaytirishda yordam beradi”, — dedi Pevkur.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, “Estoniya Ukrainani qurol-yarog‘ orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etadi hamda harbiy xizmatchilar tayyorgarligini ham kuchaytiradi”. “Bugungi uchrashuvda aniq-tiniq belgilab qo‘yilganidek, o‘qitish Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish kabi muhim omilga aylanadi. Bu yaqin oylarda, Ukrainada jang maydonida tashabbusni o‘z qo‘liga olish imkoniyati paydo bo‘lganida, ayniqsa ahamiyatli bo‘ladi”, — dedi u.
Shu yilning fevralidan buyon Estoniya Ukrainaga 250 million yevro miqdorida ko‘mak taqdim etdi, bu respublika bir yillik mudofaa budjetining 1/3 qismiga teng. So‘nggi marta hukumat tomonidan avgustda ma’qullangan yordam paketi qurol-yarog‘ yetkazib berish va askarlarni o‘qitishni, shuningdek, Germaniya bilan birgalikda yana bitta dala gospitali tashkil qilishni o‘z ichiga oladi. U Ukrainaga yaqin vaqtlar ichida yetkaziladi.
Ukrainaga yordam berish bo‘yicha Ramshtayn konferensiyasi yoki Mudofaa bo‘yicha Ukraina maslahat guruhi AQSH tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, birinchi marta 26-aprelda o‘tkazilgan. Hozirgi paytga qadar vazirlar darajasida ikkita yuzma-yuz va ikkita onlayn uchrashuvlar olib borilgan. Joriy uchrashuv hisob bo‘yicha beshinchisi bo‘lib, unda 40 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashdi.
Avvalroq AQSH hukumati Ukraina va “kelajakda Rossiya potensial ravishda xavf solishi mumkin bo‘lgan” yana 18 ta Yevropa mamlakatiga 2 milliard dollarlik qo‘shimcha kreditlar va kafolatlar ajratishni tasdiqlagan edi. Ular orasida Boltiq mamlakatlari ham bor.