AQSH hukumati Ukraina va “kelajakda Rossiya potensial ravishda xavf solishi mumkin bo‘lgan” yana 18 ta Yevropa mamlakatiga 2 milliard dollarlik qo‘shimcha kreditlar va kafolatlar ajratishni tasdiqladi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining rasmiy bayonotida aytiladi.
Yangi harbiy yordam haqida AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning Kiyevga oldindan e’lon qilinmagan tashrifi fonida ma’lum bo‘ldi. Endi mablag‘larning ajratilishini Kongress ma’qullashi kerak. Ushbu summaning qariyb bir milliard dollari Ukrainaga beriladi, qolgan qismini Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Gruziya, Gretsiya, Kosovo, Latviya, Litva, Moldova, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya qo‘lga kiritadi.
Bu avvalroq e’lon qilingan, Kiyev uchun 675 million dollarlik ko‘makka qo‘shimcha mablag‘dir. Davlat departamenti vakili so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy yordam Ukraina va unga qo‘shni 18 mamlakat, shu jumladan, Rossiya tomonidan bo‘lajak tajovuzning katta xavfiga duch kelayotgan NATO bo‘yicha ittifoqdoshlar va boshqa mintaqaviy sheriklar xavfsizligini oshirish uchun zarurdir.
AQSH o‘tgan moliya yilida (iyunda tugadi) Ukraina va unga qo‘shni davlatlarga qariyb 4 milliard dollarlik shunday kreditlar va kafolatlar taqdim etgan edi.
8-sentabr kuni Pentagon rahbari Lloyd Ostin Amerikaning Germaniyadagi “Ramshtayn”harbiy bazasida Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi uchrashuvida AQSH prezidenti Jo Bayden Kiyevga 675 million dollarlik yangi harbiy ko‘mak paketi ajratilishini ma’qullaganini ma’lum qilgandi.
“Bu o‘tgan yil avgustidan buyon Bayden ma’muriyati tomonidan AQSH zaxiralaridan Ukraina uchun yigirmanchi marta qurol-yarog‘ yetkazib berilishidir”, — dedi Ostin. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi harbiy yordam paketi 105 millimetrli gaubitsalar, GMLRS o‘ta yuqori aniqlikdagi reaktiv snaryadlar va artilleriya o‘q-dorilarini o‘z ichiga oladi.
Ostin Ukrainaga ittifoqdoshlari tomonidan berilayotgan harbiy ko‘mak o‘zini oqlayotganini qayd etdi. “Biz sa’y-harakatlarimiz jang maydonida aniq-ravshan samara berayotganini ko‘ryapmiz”, — dedi Pentagon rahbari. Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, avgust oxiri holatiga Amerika tomonidan Ukrainaga taqdim etilgan harbiy ko‘mak summasi 10,6 milliard dollarga yetgan.
Izoh (0)