Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq Vladimir Norov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Ayni daqiqalarda Tashqi ishlar vazirligida Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov vazirni jamoaga tanishtirmoqda, deb xabar berdi “Daryo” manbasi.
Unda Vladimir Norovning uzoq yillik tajribasi tayinlovda inobatga olingani e’tirof etildi. O‘z navbatida, yig‘ilishda ayrim tanqidiy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Sardor Umurzoqov o‘zbek diplomatiyasi oldida turgan asosiy muammolar Shavkat Mirziyoyevni tashvishga solayotganini ta’kidladi. Tashqi xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, ularga qarshi munosib diplomatik choralar ko‘rish lozimligi, xorijiy hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda xorijdagi yurtdoshlarimiz huquqlarini himoya qilish o‘zbek diplomatiyasining eng asosiy vazifalari ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan eng katta xalqaro tadbirlar — sentabr oyidagi SHHT sammiti, noyabr oyidagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.