Navoiy viloyatining Konimex tumanida Qozog‘iston bilan chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bir guruh yigitlar Qozog‘istonga noqonuniy ravishda o‘tib, u yerda ishlashni rejalashtirgan. Shu reja asosida ular Konimex tumani “Boymurod” OFYga qarashli “Yangi turmush” mahallasidagi dasht hududidan o‘tuvchi aylanma yo‘llar orqali o‘rtadagi masofani bosib o‘tish uchun piyoda yo‘lga chiqqan.
Yigitlarga bosh bo‘lgan buxorolik fuqaro (22 yoshli) jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tomonidan 2020-yilda Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha sudlanib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Hozirda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish hamda O‘zbekistonga kirish jinoyatini sodir etgan va bu jinoyatni sodir etishda ko‘maklashgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)