Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Avtomobillarning iqlimga salbiy ta’siri xavfini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishning dolzarbligi ham mintaqaviy, ham global darajada oshmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

So‘nggi o‘n yillikda faol amalga oshirila boshlangan elektromobillarga o‘tish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijalari elektr transport vositalarining yangi bozori ancha muvaffaqiyatli rivojlanmoqda degan xulosaga kelishga imkon beradi.

Jahon bozorida 2012—2021 yillarda elektr transport vositalarini sotilishi 50 baravardan oshdi, buning natijasida avtomobil bozorining umumiy tarkibidagi ushbu segmentning ulushi 0,2 foizdan 8,3 foizgacha o‘sdi.

Faqatgina so‘nggi besh yil ichida barcha turdagi elektr transport vositalarining umumiy savdosi 1,27 million donadan 6,75 million donagacha ya’ni 5,3 marta oshdi.

Elektromobillarning global savdosi dinamikasi, million:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Xalqaro energetika agentligining (XEA) 2020-yilda elektr transport vositalariga bo‘lgan talab kuzatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobillarga bo‘lgan talab va taklifning pasayishi bilan solishtirganda barqarorroq bo‘lgan.

Bundan tashqari, akkumulatorli elektr transport vositalariga bo‘lgan talab gibrid elektr transport vositalariga bo‘lgan talab dinamikasini ortda qoldirdi.

Elektromobillarga bo‘lgan global talab

Savdo tarkibidagi ustun nisbatlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi uch yil ichida akkumulatorli elektr transport vositalarining ulushi 2015-yilgacha bo‘lgan davrda o‘rtacha 60 foizga nisbatan 72 foizdan oshdi.

Bu omil an’anaviy avtomobillardan elektromobillarga o‘tish davrining sezilarli darajada qisqarganligini ko‘rsatadi.

Jahondagi barcha turdagi elektr transport vositalari savdosining taxminan 90 foizi Xitoy, Yevropa va AQSHga to‘g‘ri keladi.

2015-yildan buyon Xitoy elektr transport vositalarini sotish bo‘yicha jahon reytingida birinchi o‘rinni egallab turibdi, bu umumiy hajmning yarmidan ko‘pini (51 foiz) tashkil qiladi.

2021-yilda Xitoyda elektromobillar sotuvi qariyb uch baravar ko‘payib, 1,2 million donadan 3,4 millionga etib, butun jahon bo‘ylab savdo o‘sishining asosiy omili bo‘ldi.

2021-yil yakunlariga ko‘ra, Yevropa bozori elektromobillarining ikkinchi yirik bozori bo‘lib qoldi, bu jahon elektromobil savdosining 34 foizini tashkil etdi. AQSHning ulushi so‘nggi besh yil ichida o‘rtacha 13—14 foizni tashkil etdi va 2021-yilda bu ko‘rsatkich 10,5 foizni tashkil etdi.

Yetakchi davlatlar va mintaqalar bo'yicha elektromobillarning global savdosi tarkibi, million:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Shu bilan birga, AQSHda elektromobillar savdosi so‘nggi yillarda birinchi marta yarim milliondan oshib, 720 ming donadan ortiqni tashkil qildi va jahon elektromobillar savdosi tarkibida uchinchi o‘rinni egalladi. Boshqa mamlakatlar va mintaqalarning ulushi 4,5 foizdan oshmaydi.

Mamlakatlar va mintaqalar orasida deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida elektromobillar bozorining o‘sish ko‘rsatkichlari diqqatga sazovordir.

Bu ularning elektr transport vositalariga o‘tish orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish maqsadlariga erishish istagi bilan bog‘liq.

2020-yil reytingiga ko‘ra, Yevropaning aksariyat davlatlari yangi yengil avtomobillar sotuvida elektromobillar ulushini 10 foizdan ancha oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bundan tashqari, avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, Norvegiya Yevropa mamlakatlari guruhida sezilarli darajada ajralib, elektr transport vositalarining 75 foiz ulushiga erishdi.

Birinchi beshlikka Islandiya, Shvesiya, Niderlandiya va Finlyandiya kabi davlatlar ham kirdi. Ularda yangi avtomobillar sotuvida tarmoqqa ulanadigan elektromobillarning ulushi 18—45 foizgacha oshgan.

2020-yilda yengil avtomobillar sotuvida elektromobillarning ulushi, mamlakatlar bo‘yicha sotuvlar:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Fransiya va Germaniyada bu ko‘rsatkich 11,3 foiz va 13,5 foizni tashkil etdi, bu ham ushbu mamlakatlarda mazkur bozor segmenti rivojlanishining yuqori dinamikasini ko‘rsatadi.

Xitoyda yangi avtomobillar savdosidagi elektromobillarning ulushi 6,2 foizni tashkil etdi, bu Yevropa davlatlari o‘rtacha ko‘rsatkichidan biroz pastroq. AQSHda bu ko‘rsatkich undan ham past — 2,3 foizni tashkil etdi.

2020-yilda yangi yengil avtomobillar sotuvida elektromobillarning ulushi, mamlakatlar bo‘yicha sotuvlar:

Biroq bozor o‘lchamlarini mutlaq ko‘rsatkichlarda taqqoslaganda Xitoy va AQSH elektr transport vositalarining eng yirik iste’molchilari bo‘lib, ichki bozorlarda sotuvlar Yevropa mamlakatlariga qaraganda ancha yuqori.

Jahonda elektromobillar sotuvi

Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilar assosiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda akkumulatorli elektr transport vositalari va gibridlari sotuvi 1,25 million donani tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, Xitoyda sotilgan elektromobillar soni savdo ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi, masalan, Germaniyadan — 3 baravardan ortiq (395 ming dona), Fransiya va Norvegiyadan birgalikda olganda — 4,2 marta (291 ming dona).

2020-yilda elektromobillarni sotish hajmi, ming dona:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Ushbu nisbatlar Xitoy elektromobillar bozorining boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda mutlaq ma’noda juda katta ekanligini ko‘rsatadi. Xitoy so‘nggi yillarda doimiy ravishda eng yirik bozorlarga ega mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Bu elektromobillarini ishlab chiqarishni quvvatlash siyosati va strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan bog‘liq.

Ikkinchi o‘rin Germaniyaga, uchinchi o‘rinni esa AQSH egallab turibdi. Masalan, Norvegiya yangi yengil avtomobillar sotuvida elektromobillarning eng yuqori 75 foiz ulushini ko‘rsatayotganiga qaramay, unda bozorning sig‘imi Xitoy, Germaniya va AQSHga qaraganda ancha past.

Masalan, AQSHda sotilgan elektromobillar soni 328 ming donagacha oshgan, bu Norvegiyadagidan 3,1 baravar, Fransiyadagidan esa 1,8 barobar ko‘pdir.

Yevropa mamlakatlari orasida elektromobillar bozori rivojlanishining eng yuqori dinamikasi Germaniyaga xos bo‘lib, unda 2020-yil 394 ming donadan ortiq sotilgan.

Bu Fransiya va Buyuk Britaniyadagidan 2,1 baravar, Norvegiyadagidan 3,7 baravar ko‘pdir. Ammo Xitoy bilan taqqoslanadigan bo‘lsa, dunyoning deyarli hech bir davlati Xitoyning elektr avtomobil bozori hajmiga tenglasha olmaydi.

O‘zbekistonda ikki yilda elektromobil importi qariyb 20 barobar oshdi

Elektromobil importi 2021-yilning mos davriga nisbatan 901 taga yoki 3,2 barobarga oshgan. 2020-yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekistonga atigi 68 dona elektromobil keltirilgan edi. Ikki yilda import 19,3 barobarga ko‘paydi.

Joriy yil iyul oyining o‘zida bu ko‘rsatkich 189 tani tashil qildi. Yetti oy ichida 10 ta xorijiy davlatdan qiymati 40,1 mln dollarga teng bo‘lgan elektromobil import qilingan.

2018—2021-yillarda O‘zbekistonda umumiy avtomobil savdosidagi elektr transport vositalarining ulushi:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

O‘zbekistonga eng ko‘p elektromobil yetkazib bergan davlatlar orasida Xitoy doimgidek yetakchilik qilmoqda. Yanvar—iyul oylarida ushbu davlatdan 1 155 ta elektromobil keltirilgan.

Ikkinchi o‘rinni BAA (81) egallagan bo‘lsa, bu borada uchinchi etib Germaniya (29) ko‘rsatilgan.

Bir yilda O‘zbekistonning elektromobil importi qanday o‘zgardi?

O‘zbekistonda 2022-yilning yanvar—iyul oylarida 1 314 ta elektromobil import qilingan.

O‘zbekistonga eng ko‘p elektromobil yetkazib bergan davlatlar orasida Xitoy doimgidek yetakchilik qilmoqda.

2021-yilda O‘zbekistonda elektromobillar importining geografik tarkibi:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Yanvar—iyul oylarida ushbu davlatdan 1 155 ta elektromobil keltirilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 388 taga teng bo‘lgan.

Mamlakatlar kesimida eng katta o‘sish BAAda kuzatilgan. 2021-yilning dastlabki 7 oyida undan 1 dona elektromobil olib kelingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 81 taga yetdi.

Bu yil boshidan beri O‘zbekiston Germaniyadan 29 ta elektromobil import qilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4 taga teng bo‘lgan.

Gonkong bilan ham shunga o‘xshash vaziyat qayd etilgan — 2021-yilda mamlakatdan 1 ta elektromobil olib kelingan bo‘lsa, joriy yilda esa ularning soni 29 taga yetdi.

Markaziy Osiyoda vaziyat qanday?

Elektromobil bozorning rivojlanish dinamikasi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past bo‘lsa-da, jahon tendensiyalariga muvofiq Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektromobillarni ilgari surish bo‘yicha faolroq jarayon kuzatilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston texnologik jihatdan orqada qolishni oldini olish va yashil rivojlanish maqsadlariga erishish uchun elektromobillar bozorini rivojlantirish ustuvorligini ilgari surmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda import hajmining oshishi natijasida yangi avtomobillarning umumiy savdosida elektr transport vositalarining ulushi 2018-yilda 0,006 foizdan 2021-yilda 0,35 foizgacha oshdi.

2018—2021-yillarda O‘zbekistonda import qilinadigan elektromobillarning umumiy avtomobillar importidagi ulushi:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Qozog‘istonda 2020-yilda ro‘yxatga olingan elektromobillar soni 550 tani tashkil qildi.

Ro‘yxatga olingan avtomobillarning umumiy sonida elektromobillarning ulushi 0,013 foizdan oshmadi.

Elektromobillar bozori hajmini mutlaq ko‘rinishda solishtiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 2021-yilda elektromobillar soni Qozog‘istonga nisbatan 40—45 foizga ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, 2019-yilda vaziyat buning aksi bo‘lgan edi.

Avtomobillarning iqlimga ta’siri

Transport sektori chiqindilari bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston va Turkmanistondan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari transport sektori chiqindilari:

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Shu bilan birga, yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan CO2 chiqindilarining jami intensivligi bo‘yicha O‘zbekiston, MDHning aksariyat davlatlari singari, CO2 emissiyasi yuqori darajada bo‘lgan davlatlar toifasiga kiritilgan.

Global miqyosda avtotransport vositalarining yangi energiya manbalariga texnologik o‘tishi yoqilg‘i yonishi natijasida atmosferaga chiqariladigan umumiy chiqindilarning o‘sish sur’atining sekinlashishiga yordam berdi.

Biroq 2010—2020-yillarda dunyo miqyosidagi chiqindilar 9—10 foizga oshdi.

Shu munosabat bilan jahon taraqqiyotining asosiy iqlim maqsadi emissiyalarni nolga tenglashtirish, shu jumladan transport sohasini texnologik transformasiya qilish orqali erishishdir.

Elektromobil bozorining istiqboli

O‘n yillikda savdoning tez o‘sishidan so‘ng, jami elektromobillar parki 10 milliondan oshadi, bu global avtomobil parkining 1 foizini tashkil qiladi.

2020-yilda dunyoda rekord darajadagi — 3 milliondan ortiq yangi elektromobillar ro‘yxatga olindi, kelgusida yana o‘sish tendensiyasi kutilmoqda.

 

Xalqaro energetika agentligining prognozlariga ko‘ra, o‘n yillik oxiri — 2030-yilga kelib elektromobillar soni kamida 145 millionga ortadi.

Agar soha hukumatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, 2030-yilga borib dunyodagi elektr transport vositalari soni 230 millionga etishi mumkin.

Yevropa Ittifoqining EU Green Deal ekologik rejasiga ko‘ra, Yevropa 2035-yilga borib butunlay "toza" avtomobillarga o‘tishi kerak.

Yevropa davlatlari transport vositalari uchun yanada qattiqroq, ichki yonuv dvigatellari bo‘lgan avtomobillarni to‘liq taqiqlashgacha, ekologik standartlarga amal qiladi.

Misol uchun, Germaniya hukumati 2030-yilga kelib elektromobillarga bo‘lgan talabni 15 millionga yetkazishni maqsad qilgan, buning uchun 1 milliongacha zaryadlash stansiyalarini ishga tushirish kerak bo‘ladi.

 

Ichki yonuv dvigatellari bo‘lgan avtomobillardan foydalanishni to‘liq taqiqlash orqali avtotransport vositalaridan foydalanishdan nol chiqindilarga erishish maqsadlari 2025-yildan (Norvegiya) 2030—2040 yilgacha (Germaniya) vaqt oralig‘ida o‘zgarib turadi.

Taxminlarga ko‘ra, Xitoy va Hindiston katta rejalar qurmoqda, ularda ichki yonuv dvigatellari bo‘lgan avtomobillarni sotib olishni taqiqlash va faqat gibrid yoki elektromobillarni sotib olish imkoniyatini saqlab qolish muddati 2030-yilgacha belgilangan.

Prognozlarga ko‘ra, Xitoyda elektromobillar 2030-yilga kelib avtomobil bozorining 40 foizini tashkil qiladi. AQSHda elektr va gibrid elektr transport vositalarining ulushi 2030-yilga borib 50 foizgacha oshadi.

Umuman olganda, o‘n yillikning oxiriga kelib, butun dunyo bo‘ylab avtomobil sotish bozorida elektromobillarning ulushi 30-40 foizga, 2040-yilga kelib esa kamida 50 foizga yetishi mumkin.

Maqolani tayyorlashda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlaridan foydalanildi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda dam olish kunlari qanday ob-havo bo‘ladi?
Dunyo
“Rossiyani fojiadan, rus armiyasini bo‘lsa xo‘rlikdan qutqarish imkoningiz haliyam bor”. Ukraina Mudofaa vaziri rus harbiylarini zudlik bilan jangdan bosh tortishg...
Mahalliy
“Xodimlar o‘zboshimchalik bilan qoidalarni buzgan” — Qashqadaryoda elektromontyor tok urishidan vafot etgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi