O‘zbekistonda OIV, B va C gepatitlari, inson papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlash uchun PCR test tizimlari ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Test tizimlari tibbiyot, veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalari uchun biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan “Rossa” MCHJ kompaniyasida ishlab chiqiladi. 7-avgust kuni bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi Toshkent viloyatida joylashgan ushbu kompaniyani ko‘zdan kechirgan.
Vazirlik matbuot xizmati xabarida aytilishicha, kompaniya ishini tashkil qilish uchun 5 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilingan. Bu yerda zamonaviy uskunalar o‘rnatildi va tajribali mutaxassislar ishlamoqda. 2021—2022-yillardagi pandemiya davrida kompaniya SES ehtiyojlari uchun COVID-19 tashxisini qo‘yish uchun 3,8 million PCR testini yetkazib bergan.
Bu, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqarilgan diagnostika vositalariga ichki talabni qisman ta’minlashga, ikkinchidan, bitta test narxini 2021-yilda 30 ming so‘mgacha, 2022-yilda esa 27 ming so‘mgacha kamaytirishga imkon bergan.
Hukumat komissiyasi tashrifi davomida kompaniyaning yangi ishlanmalari, shu jumladan OIV, B va C gepatitlari, inson papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlash uchun PCR test tizimlari taqdim etilgan.