O‘zbekistonda 2022-yil yanvar-iyun oylarida hokim yordamchilari ko‘magi bilan 1,4 million kishi mehnat bandligi bilan ta’minlandi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Senat yalpi majlisida bergan hisobotida aytib o‘tdi, deya xabar qilmoqda “Daryo” muxbiri.
Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, hisobot davrida hokim yordamchilari mahallalarda uyma-uy yurib 7 million xonadonda xatlov o‘tkazgan.
“Joriy yilda 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari mahallalarda o‘z faoliyatini boshladi. Ularga amaliy ko‘mak berish uchun 300 nafar rahbar xodim joylarga 1 yillik xizmat safariga jo‘natildi. Hokim yordamchilari tomonidan mahallalarda uyma-uy yurib, o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida 35,3 million aholi yashaydigan 7 million xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Shundan kelib chiqib, 2022-yilning 1-yarim yilligida hokim yordamchilari ko‘magi bilan 1,4 mln fuqarolar daromadli mehnat bandligi bilan ta’minlandi”, – dedi hukumat vakili.
Jamshid Qo‘chqorov hisobotida O‘zbekistonning hozirgi va kelgusida kutilayotgan ayrim iqtisodiy ko‘rsatkichlariga to‘xtaldi.
“2022-yilning birichni yarim yilligida yalpi ichki mahsulot 5,4 foizga, sanoat 5,1 foizga, xizmatlar 7,3 foizga, qishloq xo‘jaligi 2,7 foizga o‘sdi. Jami xizmatlar hajmi 165 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga oshdi. Hisobot davrida davlat budjetining xarajatlari 103 trillion so‘mni tashkil qildi. Shundan ijtimoiy soha xarajatlariga 54 trillion so‘m yo‘naltirildi.
Hukumat milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda yalpi ichki mahsulotning sanoat ulushini oshirishga qaratilgan siyosatni davom ettirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kelgusi 5 yilda 1,4 barobarga oshirish masalasini asosiy vazifa sifatida kun tartibida ko‘rib chiqmoqda”, – dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Avvalroq mazkur majlisda Moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isoqov davlat qarzi to‘g‘risida ma’lumot bergandi.
“Hozirgi kunda umumiy davlat qarzi 25,9 milliard dollarni, davlat tashqi qarzi 22,3 milliard dollarni tashkil etadi. Mazkur mablag‘lar byudjetni qo‘llab-quvvatlash, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga yo‘naltirilgan. Hozirda davlat qarzi YAIMning 37 foizini tashkil qilmoqda. 2022-yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 40 foizgacha borishi prognoz qilinmoqda. Yana 20 foizgacha qarz olish imkonimiz bo‘ladi”, – degan edi vazirlik rasmiysi.