Ijtimoiy tarmoqlarda “Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining jurnalistlarsiz, imi-jimida o‘tkaziladigan sessiyalarida uxlab o‘tirganlar qancha ekan-a?” sarlavhasi ostida xabar tarqatilgandi. Kengash ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, viloyat kengashi sessiyalari imi-jimida o‘tkaziladigan maynavozchilik tadbiri emas.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining har bir sessiyasida viloyat miqyosidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Avvalo, har bir masala sessiyalar oralig‘ida kengashning sohalar kesimidagi doimiy komissiyalarida atroflicha, tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganiladi va shundan keyingina sessiya jarayonida muhokama qilinib, qarorlar qabul qilinadi.Shuningdek, bo‘lib o‘tayotgan sessiyalar kengash raisi Zoyir Mirzayev topshirig‘i bilan Toshkent viloyati hokimligining axborot xizmati orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri hamda bir nechta Telegram kanallarda, matbuotda yoritilib, jurnalistlar ishtiroki ham ta’minlanayotgani qayd etilgan.Viloyat kengashi sessiyalari va deputatlar to‘g‘risida bilib-bilmay yozayotganlar, birorta sessiyasida ishtirok etdingizmi? Ishtirok etgan bo‘lsangiz, xo‘sh, qaysi deputatning mudrab o‘tirganiga ko‘zingiz tushdi? Hozirda har bir sessiya jarayoni baxs va munozaralarga boy o‘tyapti. Hech kimning auditoriyada uxlashga vaqti yo‘q, — deyiladi munosabatda.