Farg‘onada fuqaroning 1,2 mln so‘mlik telefonini olib qochgan shaxs ushlandi
Farg‘ona shahrida fuqaroning telefonini olib qochib ketgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1-avgust kuni X.D. ismli shaxs shaharning 8-mart ko‘chasida joylashgan MCHJda ishlayotgan O‘.I. ismli fuqaroning oldiga kelib, uning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, yonida bo‘lgan, narxi 1 million 200 ming so‘mlik “Samsung J2” uyali telefon apparatini ochiqdan ochiq ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Farg‘ona shahri IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi (talonchilik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Ma’lumot uchun, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
