AQSH Senati Davlat departamentini Checheniston, Gruziya, Suriya va Ukrainadagi voqealar munosabati bilan Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda RT xabar qildi.
Qayd etilishicha, qaror Senatda o‘zgartirish va o‘zgartirilgan preambula bilan ovoz berish yo‘li orqali qabul qilingan.
Avvalroq AQSH Davlat departamenti Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan olmasa, bu ishni Kongress amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.
Kreml agar Rossiya “terrorizm homiysi” davlat sifatida tan olinsa, AQSH bilan munosabatlariga salbiy baho berishini bildirgan edi.
Aprel oyida esa AQSH ma’muriyati Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritish imkoniyatini istisno etmagan edi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan suhbatda Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olishni so‘radi, deb yozgan edi Washington Post aprel oyida. Bunga javoban Bayden mazkur masalada aniq bayonotlar bermagan va rasmiy Moskvaga bosim o‘tkazishning turli yo‘llarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ta’kidlagan.
Shu kungacha AQSH terrorizm homiysi sifatida to‘rtta davlatni tan olgan: Suriya (1979-yil dekabrda), Eron (1984-yil yanvarda), Shimoliy Koreya (2017-yil noyabrda) va Kuba (2021-yil yanvarda).
Izoh (0)