Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda 1—2-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan noqonuniy namoyishlarda qatnashgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati AOKAda o‘tkazilgan brifingda holatga aniqlik kiritdi.
Qayd etilishicha, ba’zi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolgani haqida mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan feyk xabarlar tarqatilmoqda.
“Vaholanki, tarmoqlarda tarqatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilgan bir qism fuqarolar o‘z yashash uyida ekani, bir qismi Qoraqalpog‘iston hududidan chetga chiqib ketgani, ayrimlari esa umuman mavjud bo‘lmagan shaxslar ekani aniqlandi”, — deyiladi xabarda.
Shunga qaramay, holat Bosh prokuratura tezkor-tergov guruhi tomonidan nazoratga olingan va hozirgi vaqtda yana bir bor o‘rganib chiqilmoqda.
“Barchangizdan soxta va uydirma ma’lumotlarga ishonmasdan, o‘tkazilayotgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni Bosh prokuratura shtabi axborot manbalaridan olishingizni so‘rab qolamiz”, — deydi bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.
Izoh (0)