Krishtianu Ronaldu “Manchester Yunayted”ning navbatdagi mashg‘ulotlarini o‘tkazib yubordi.
Manchester Evening News nashrining xabariga ko‘ra, 37 yoshli hujumchi mankunianliklarning payshanba kungi mashg‘ulotlarida ishtirok etmagan.
Shu tariqa Ronaldu “qizil iblislar”ning mavsumoldi mashg‘ulotlari 4-kunida ishtirok etmadi. Portugaliyalik hujumchi dushanba kuni boshqa futbolchilar kabi klub bazasiga tashrif buyurishi lozim edi.
“Manchester Yunayted” 8-iyul kuni Tailand va Avstraliya bo‘ylab turga chiqadi. Klubdagilar Ronaldu jamoa bilan birga yig‘inlarda ishtirok etish yo etmasligini bilmaydi.
37 yoshli hujumchi Lissabonda bo‘lib turibdi. U Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotlar bazasiga tashrif buyurgan.
Ronaldu 2021/22-yilgi mavsum mankunianliklar safida barcha musobaqalarda 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 24 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.