Ijtimoiy tarmoqlarda to‘y kuni o‘yinda yutqazib qo‘ygan kuyov kelinni urgani aks etgan videolavha tarqaldi. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati “Daryo”ga holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, holat 2022-yilning 6-iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Tolto‘g‘ay” mahallasida sodir bo‘lgan. X.R. (1997-yilda tug‘ilgan) va (2003-yilda tug‘ilgan) D.A. o‘rtasida nikoh to‘yi bo‘lgan. To‘y marosimi davomida kelin va kuyovga o‘ralgan holdagi shirinlik berilib, uni kim birinchi bo‘lib ochish (“Syurpriz”) o‘yini o‘tkazilgan. Unda kelin birinchi bo‘lib shirinlikni ochgan. Bundan kuyovning jahli chiqib, kelinga bir marotaba tarsaki urgan. Shundan so‘ng to‘y davom etib, hech qanday ko‘ngilsiz holat sodir bo‘lmagan va hech qayerga murojaat tushmagan.
Voqeani mazkur mahallada yashovchi mahalladoshlari tomonidan videotasvirga tushirilgan va tasvirga olgan (aniqlashning imkoni bo‘lmagan) shaxs tomonidan internetga joylashtirilgan.
Holat yuzasidan Uzun tumani IIB tomonidan surushtiruv ishlari olib borilgan. Kuyov va kelin hamda ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, muhokama qilingan. Fuqaro X.R.ning xatti-harakatlarida huquqbuzarlik holati mavjudligi sababli hujjatlashtirilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudiga yuborilgan.
Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, fuqaro X.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)