Neft narxi Ukraina urushining dastlabki kunlaridagi darajaga ko‘tarildi. Haydovchilar va korxonalar uchun yaqin orada sezilarli pasayish kutilmayapti. CNN nashri neft narxi yuqori saqlanib qolishiga 3 ta sababni keltirib o‘tdi.
Yevropa Ittifoqi joriy yil oxirigacha Rossiyadan import qilinadigan neftning 90 foizini qisqartirishini e’lon qilganidan so‘ng, jahon bozorida Brent markali neft narxi shu hafta boshida bir barrel uchun 124 dollardan oshdi — bu mart oyi boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich.
CNN neft narxining yuqori darajada saqlanib qolishiga 3 ta sababni keltirib o‘tdi.
Yevropaning Rossiya neftidan voz kechishi
Inflyatsiyaning o‘sishi va sekinlashishi retsessiya haqidagi tasavvurni kuchaytirsa ham, neftga bo‘lgan global talab 2008-yilda bo‘lgani kabi narxlarni pasaytirish uchun yetarli darajada kamayishi dargumon.
Agarda neft ta’minotidagi muammolar hal qilinmasa narxlar sezilarli darajada pasaymaydi.
Yevropa Ittifoqi juma kuni rasman neft embargosini qabul qildi. Bu Moskva Ukrainaga bostirib kirishi sababli joriy etilgan oltinchi sanksiyalar paketining bir qismidir.
Aksariyat mamlakatlarda Rossiya xomashyosi importini bosqichma-bosqich to‘xtatish uchun olti oy va boshqa barcha neft mahsulotlari uchun sakkiz oy vaqt bor.
Yevropa Rossiyadan oz miqdorda neft sotib olishda davom etishi mumkin, ammo u muqobil yetkazib beruvchilarni izlamoqda.
Urush boshlanganidan beri Angoladan xom neft importi uch baravar oshdi, Braziliya va Iroqdan neft hajmi esa mos ravishda 50 foiz va 40 foizga ko‘paydi.
Neftni uzoqroq joylardan olish narxlarni yuqori ushlab turadi, deydi tahlilchi Roslan Xasavne.
Buning bevosita ta’siri uzoq masofali qatnovlar tufayli yuk tashish narxining yuqori bo‘lishi va o‘z navbatida, neftning yetkazib berish xarajatlaridir, — dedi u.
Hukumatlar narxlarni pasaytirish uchun bir nechta ishlarni qilishlari mumkin. Masalan, yoqilg‘i subsidiyalarini taklif qilish va narxlarda cheklov qo‘yish.
Muqobil variantlarning yetarli emasligi
Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyaga jahon neft ta’minotining 14 foizi to‘g‘ri kelgan va G‘arbning Rossiyaga nisbatan sanksiyalari allaqachon bozorda sezilarli bo‘shliqni yuzaga keltirmoqda.
Aprel oyida Rossiya kuniga qariyb 1 mln barrel neft qazib olishni to‘xtatdi va bu 2022-yilning ikkinchi yarmida kuniga taxminan 3 mln barrelga yetishi mumkin.
Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti va uning ittifoqchilari, OPEK+ deb nomlanuvchi guruh payshanba kuni iyul va avgust oylarida jahon bozoriga kuniga qo‘shimcha 648 ming barrel xom neft chiqarishga kelishib oldi.
Bu rejalashtirilganidan 200 ming barrelga ko‘p — Rossiyani ham o‘z ichiga olgan kelishuv.
IEA joriy yilning qolgan qismida Rossiyani hisobga olmaganda global neft qazib olish sanksiyalar ta’sirini muvozanatlashtirib, kuniga 3 mln barreldan ko‘proqqa ko‘payishini bashorat qilmoqda.
Ammo bunga erishish juda qiyin bo‘ladi. Ko‘plab neft qazib oluvchi davlatlar allaqachon o‘z imkoniyatlari chegarasiga yetib kelgan.
Kuchli global talab
Bir necha oy davomida Shanxay, Pekin va Xitoyning boshqa yirik shaharlarida keskin koronavirus lokdaunlari dunyodagi eng yirik neft import qiluvchi davlatga talabni pasaytirdi.
Ammo Xitoy hukumati ushbu cheklovlarni bekor qila boshlaganligi sababli, o‘sib borayotgan talab narxlarni yanada oshirishi mumkin.
Bundan tashqari Xitoy Rossiyadan chegirma bilan sotilayotgan neft importini ko‘paytirmoqchi.
Xitoy may oyida kuniga 1,1 mln barrel Rossiya dengiz neftini import qilgan. Bu o‘tgan yilgi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 37 foizga ko‘p.
Avvalroq O‘zbekistonda qaysi yonilg‘i turidan ko‘proq foydalanilayotganini ma’lum qilingan edi.