Amerikaning Tennessi va Pensilvaniya shtatlaridagi otishmalar oqibatida olti kishi halok bo‘lib, kamida 28 kishi jarohatlar oldi, deb yozadi “RBK”.
Tennessi shtatining Chattanuga shahridagi otishma 5-iyun kuni ertalab sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan 03:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 12:00) bar yaqinida o‘t ochilgan. Shahar politsiyasi ma’lum qilishicha, hujumchilar uch kishini o‘ldirib, 17 kishini yaralagan, buning ustiga, uch nafar jabrlanuvchi voqea joyidan qochib ketishga uringan, ammo ularni o‘tib ketayotgan mashinalar urib yuborgan.
Mahalliy politsiya boshlig‘i Selesta Myorfi ma’lum qilishicha, uch nafar qurbonning ikki nafari o‘qotar quroldan olgan jarohatlardan halok bo‘lgan, uchinchisi esa avtomobil urib ketishi natijasidagi shikastlanishlardan vafot etgan. Ayni paytda jabrlanganlarning bir nechtasi og‘ir ahvolda.
Matbuot anjumani doirasida huquq-tartibot organlari aniqlik kiritishicha, jabrlanganlar orasida yosh bola ham bor. Politsiya hujumni bir necha kishi birgalikda amalga oshirgan, deb taxmin qilmoqda.
Shu kunning o‘zidayoq AQSHning boshqa shtati — Pensilvaniyada ham otishma boshlandi. Filadelfiya shahridagi hujum ham bir necha kishi tomonidan uyushtirilgan. O‘q tovushlarini eshitgan patrullik qilayotgan politsiyachilar voqea joyiga yetib kelib, ularga javoban o‘t ochgan va qurollarini tashlashga majbur qilgan. Otishma oqibatida ikki erkak va bir ayol halok bo‘lib, 11 kishi yaralangan.
NBC aniqlik kiritishicha, otishma mahalliy vaqt bilan 00:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 09:00) yuz bergan. Hujumchilar qo‘lga olinganicha yo‘q, ularning bundan maqsadlari aniqlanmoqda. O‘qotarlar to‘pponchalar bilan qurollangan bo‘lgan.
Avvalroq AQSHda o‘tgan bir hafta ichida to‘rtta otishma sodir etilgani xabar berilgandi. So‘nggi marta Oklaxoma shtati Talsa shahrida Maykl Lyuis ismli erkak shahar tibbiy markazi binosiga bostirib kirib, avvalroq o‘zini operatsiya qilgan jarrohni otib tashlagandi.
1—3-iyun kunlari 2021 nafar amerikalik orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining aksariyati (72 foizi) yetarlicha sa’y-harakatlar bilan ommaviy otishmalar oldini olish mumkin, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, respublikachilar fikricha, bunday voqealar “erkin jamiyat”ning ajralmas qismidir va unga ko‘nikish kerak.
Mavzuga doir:
- AQSHning Oklaxoma shtatidagi kasalxonada otishma sodir etildi, 5 kishi halok bo‘ldi
- AQSHda yana otishma: 1 kishi halok bo‘lib, 7 kishi yaralandi
- Nyu-Yorkda qurol ishlab chiqaruvchilarini sudga berish mumkin bo‘ldi
- AQSH maktabidagi otishma qurbonlari soni 21 kishiga yetdi. Bayden qurol lobbisiga qarshi kurashishga chaqirdi