Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida “Yangi O‘zbekiston” mavzesining qurilish maydonida bo‘ldi, deya xabar qilmoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

300 gektarli ushbu mavzeda 298 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 80 tasi bu yil tadbirkorlar tomonidan barpo etiladi.

Shuningdek, ikkita umumta’lim maktabi, uchta maktabgacha ta’lim tashkiloti, tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, sport majmuasi va masjid quriladi. 50 gektarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasi aholini ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Mavze o‘rtasidagi 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” va sun’iy ko‘l tashkil etiladi. Hozirdanoq 10 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Jami 21 ming tup ekilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Farg‘ona tumanining “Yangi asr”, Yozyovon tumanining “Yuqori soybo‘yi” mahallalarida ham “Yangi O‘zbekiston” mavzelarini barpo etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2022-yilda Farg‘ona viloyatida jami 9 ming 429 kvartirali 244 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

Davlat rahbari hududga kommunikatsiya tarmoqlari tortish, uylarga zamonaviy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.