Toshkent shahrining Chilonzor tumanida fuqaroni Shvetsiyaga ishga yuborish uchun 2 ming dollar olgan shaxs ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida “T.F.” MCHJ rahbari Sh.F. fuqaro S.ning ishonchiga kirib, uni Shvetsiya davlatiga yuborish va ishga kiritib qo‘yish masalasini 4 ming dollar evaziga hal qilib berishni va’da qilgani aniqlangan. Ushbu shaxs kelishilgan pulning 2 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Andijonda fuqarolarni Polshada ishlashga noqonuniy jo‘natish bilan shug‘ullangan firma aniqlangani, Samarqandda uch nafar fuqaroni AQShga yuborish uchun 60 ming dollar olgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.