Toshkent va Andijon shaharlari aro yo‘lovchi poyezdi qatnovi yana bir kunga kechiktirildi. Bu haqida “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar qildi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona vodiysida noqulay ob-havo, tog‘li hududlarda esa kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Shu sabab poyezdlar harakat xavfsizligini hamda yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 6-may kuni Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 60/59-sonli yo‘lovchi poyezdi harakati vaqtincha, ya’ni bir kunga to‘xtatiladi.
Yo‘lovchilarga xarid qilingan chiptalari 100 foiz miqdorda qaytarib beriladi.
Shuningdek, vodiy viloyatlarida harakatlanadigan elektropoyezdlar harakat jadvaliga ham o‘zgartirish kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, 5-may kuni ham Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishida amalga oshirishi rejalashtirilgan poyezd qatnovi bekor qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona vodiysida noqulay ob-havo sharoiti yuzaga kelgani sababli hamda yo‘lovchilarga harakatlanish uchun qulaylik yaratish maqsadida faqat 5-may kuni Uzbekistan Airways Farg‘ona va Namanganga qo‘shimcha qatnovlarni amalga oshirdi.
Avvalroq kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qamchiq dovoni vaqtincha yopilgani, keyinroq esa dovon yo‘li qayta ochilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 5-may kuni Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishidagi poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan.