Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida 2022-yilning 25-aprel kuni o‘tkazilgan hokimlik soatida viloyatda “Andijon polkasi” oyligi o‘tkazilishi lozimligi haqida topshiriq berilgandi. Unda hokim o‘zini haqiqiy andijonlikman deb bilganlar jamoasi, hamkasblari bilan har kuni “Andijon polkasi”ga raqsga tushishni odat tusiga aylantirishi kerakligini buyurgandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda raqsga tushayotgan fuqarolarning videolavhalari tarqaldi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov ham harakat to‘g‘ri tashkil etilganini bildirdi.
“Daryo” muxbiri andijonliklar bilan suhbatlashib, aholining bu boradagi fikri bilan qiziqdi.
So‘rovnomada ishtirok etganlarning deyarli ko‘pchiligi azaldan “Andijon polkasi”ga o‘ynab kelinganligini, yaxshi tashabbus ekanligini, buni yanada ommalashtirish zarurligini aytdi.
“Yoshligimizda rosa o‘ynardik. Hozir qarib, o‘ynolmayapmiz. Yoshlar orasida buni rivojlantirishimiz kerak”, — deydi otaxonlardan biri.
Bankda navbat kutib turgan onaxon esa “O‘yinga tushish koni foyda. Misol uchun, yuragi og‘riydigan odam uchta musiqaga o‘yinga tushsa, yanayam yaxshi bo‘ladi, deyishadi. Men, masalan, uyda doim o‘ynayman”, degan bo‘lsa, qolganlari esa “Maktab davrimda ‘Andijon polkasi’ga o‘ynab musobaqalarda yutganman”, deydi. Yana biri esa “Haqiqatanam foydali. Bizga o‘xshagan do‘mboqlar ozadi. Shuning uchun bunaqa tadbirlarni ko‘proq qilsin”, degan fikrlarni bildirgan.
Mazkur tashabbusni haydovchilar ham qo‘llab-quvvatlagan.
“Odamlarni tushirib, hozir avtobusdagi musiqani o‘chirdik. Ammo ‘Andijon polkasi’ yo‘q. Fleshkaga yozib qo‘yishim kerak ekan. Hamma o‘ynab yurgani yaxshi-da”, — deydi viloyat markazidan tumanlarga qatnovchi avtobus haydovchilaridan biri.
“‘Andijon polkasi’ning uch-to‘rt xil variantini qo‘yib yuribmiz. Shu orqali odamlarga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadimiz”, — deydi yana bir haydovchi.
Yoshlarning fikri bilan qiziqqanimizda “Ommalashtirish yaxshi bo‘lsa kerak. Ko‘proq targ‘ib qilinadi. Lekin tuman hokimlarining, kap-katta odamlarning o‘ynashi sal g‘alatiroqmi, yoshlarga bo‘laveradi”, — deydi yo‘lovchi yosh yigit.
“O‘yinga tushish eskidan urf-odat bo‘lib kelgan-ku. Shuning uchun shart bo‘lsa kerak. O‘zimiz ham ancha-muncha tadbirlarda o‘ynab turamiz”, — deydi talabalardan biri.