Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda tez tibbiy yordam brigadalarining 500 dan ortig‘ida vrach yetishmasligi, 6 mingdan ortiq shifokorlar o‘rindoshlik asosida ishlayotgani qayd etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga ko‘ra saralash tizimi joriy etiladi. Yangi tashkil etiladigan Call-markaz dispetcherlari shunga qarab, vrach yoki feldsherdan iborat tibbiy brigadalarni yo‘naltiradi.
Xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning o‘zida haydovchi hisoblanadi. Shu bois yangi o‘quv yilidan tibbiyot texnikumlari va kollejlarida feldsherlikka o‘qiyotgan yoshlar bir vaqtning o‘zida haydovchilikka ham o‘rgatiladi. Shuningdek, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni bemorlar tomonidan xolis baholash orqali tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda har chorak yakunida faoliyati bemorlar tomonidan yaxshi baholangan brigadalar xodimlari oylik ish haqining 50 foizi miqdorida mukofotlanadi.
Mavzuga doir:
- Shavkat Mirziyoyev bemorga shoshilinch yordam eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishini tanqid qildi
- “Bemor sarson, shifokorlar esa qo‘shimcha qog‘ozbozlik bilan ovora” — Shavkat Mirziyoyev
- O‘zbekistonda 2021-yilda tez yordam kechikishi bo‘yicha viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan