Ko‘p qavatli uylar ichidagi tayanch to‘siqlarni buzish bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi inspeksiyasi boshlig‘i Azlarjon Sodiqov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Azlarjon Sodiqovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarda qurilish qilishning qonuniy tartiblari bo‘lsa-da, unga ko‘p fuqarolar amal qilmaydi.
“Bugungi kunda respublikamizda 40 mingtaga yaqin ko‘p qavatli uylar bor. Inspeksiya tomonidan ularda to‘liq xatlov o‘tkazildi va natijalar tahlil qilindi. Aniqlanishicha, mazkur ko‘p kvartirali uylarda 60 mingtadan ziyod noqonuniy qurilmalar mavjud. Bu ham bo‘lsa, xonadonlarga kirib bora olganimiz, atrofni o‘rganganimiz va bor mehnat resrusimizdan kelib chiqib aniqlangan ko‘rsatgich.
Noqonuniy qurilmalar nimalardan iborat? Misol uchun, ko‘p kvartirali uyning 1 - qavatida qo‘shimcha qurilish qilish, ya’ni balkonni yanada tashqariga chiqarish, yerto‘ladan tashqari tomondan eshik ochish, ‘podyezd’larni o‘rab olinishi, tom qismlariga tasdiqlanmagan hujjatlarsiz qurilmalar qurish, yerto‘lalardan tartibsiz foydalanish kabilar noqonuniy qurilmalar hisoblanadi.
Bundan tashqari, juda ko‘p kuzatiladigan muammo – uyning ichiga noqonuniy qurilmalar qurish holatlaridir. Masalan, aksariyat fuqarolar oshxonani balkonga ko‘chiradi. Albatta, bu noqonuniy hisoblanadi. Yana kimdir devorni olib tashlab zalni balkon bilan ulab yuboradi. Bu ham qonunga hilof qurilishdir. Aytish kerakki, bunday qurilishlarning barchasini hujjatlarni rasmiylashtirgan, xavfsizligiga ishonch hosil qilgan holda, loyiha doirasida va loyihaning tegishli mutasaddilaridan tasdiqlatib amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qonunchilikda bunday uylarni rekonstrutsiya qilishning o‘z tartiblari bor. Unga amal qilgan holda ishni tashkil etish lozim”, – dedi vazirlik vakili.
Azlarjon Sodiqovning qo‘shimcha qilishicha, uyning ichidagi tayanch to‘siqlarni buzish kechirilmas holat hisoblanadi.
“Bunday holatga yo‘l qo‘yilgani uchun uyning egasi bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortiladi. Bu ham uyni o‘z holiga qaytarilishi va yanada mustahkamlanishi sharti bilan amalga oshiriladi”, – dedi u.
Avvalroq Senatda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirilish bo‘yicha qonun ko‘rib chiqilgani xabar qilingandi.