Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tez tibbiy yordam xizmatida yuzaga kelgan kamchiliklar tanqid qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, tizimdagi eng katta muammo shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishi hisoblanadi. Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumani, “Qorasuv-1” mavzesida “o‘tkir bosh-miya jarohati” olgan bemorni, tez yordam brigadasi yo‘lidagi eng yaqin shifoxona – Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, balki Chilonzordagi Respublika shoshilinch markaziga olib borishga majbur.
Shuningdek, Farg‘ona tumani Mindonobod qishlog‘ida viloyat Kardiologiya markazi bo‘lsa-da, ushbu qishloqdagi yurak xurujiga uchragan bemorni tez yordam 15 kilometr yo‘l bosib, Vodilda joylashgan tuman shifoxonasiga olib boradi.
Shu bois tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan va barcha hokimlarga yetkazilgan.
“Lekin aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari bu masalaning mazmun-mohiyatini hali to‘liq tushunib yetgani yo‘q, ayrimlari esa tushunishni xohlamayapti”, — degan prezident.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda 2 224 ta yangi tez yordam mashinasi sotib olinib, transport parki 80 foizga yangilandi
- Angren va Popda ochilgan tibbiyot markazlarida 3 oyda bosh miyada 80 ga yaqin murakkab operatsiyalar o‘tkazildi
- O‘zbekistonda 2021-yilda tez yordam kechikishi bo‘yicha viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan