Shavkat Mirziyoyev 5-may kungi yig‘ilishda viloyat shoshilinch markazlarida 40 dan ziyod yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yilganini qayd etib, tibbiyot sohasi vakillar bilan ochiq muloqotda tez yordam xizmatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab masalalar ko‘tarilganini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
“Misol uchun, tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha 2021-yilning o‘zida viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan. Sababi sohada yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, ya’ni tez tibbiy xizmatning 3 ta ‘xo‘jayini’ bor.
Jumladan, tibbiyot xodimini ‘rayzdrav’ tayinlaydi, dispetcherlarni ishga qabul qilish va dori-darmon ta’minoti viloyat shoshilinch yordam markazida, transport parki, yoqilg‘i ta’minoti va haydovchilar esa ‘oblzdrav’ga bo‘ysunadi”, — degan prezident.
Bunday boshqaruv tizimida chalkashliklar ko‘pligi, buning oqibatida tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish tuman hududi bilan cheklanib qolgani, tez yordam stansiyasi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lsa ham, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmasligi tanqid qilingan.