Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tez tibbiy yordam xizmati sohasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, tez yordam podstansiyalari soni 800 tadan 1 666 taga, tibbiy yordam brigadalari esa 1 890 tadan 2 695 taga yetkazilgan. Natijada tez yordamning kechikishlari shaharlarda 10 baravarga qisqargan. Hududlarda 21 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilgan (yil yakuniga qadar markazlar soni 35 taga yetkaziladi).
Qamchiq dovonidagi avtohalokatlarda og‘ir tan jarohati olgan bemorlar oldinlari 100 kilometr masofani bosib, Toshkent va Namangan shahridagi shoshilinch markazlarga olib borilgan. Angren shahri va Pop tumanida ochilgan markazlar hisobiga o‘tgan 3 oyning o‘zida bosh miyada 80 ga yaqin shoshilinch murakkab operatsiyalar o‘tkazilgan. Qo‘rg‘ontepa tumanida tashkil etilgan markazda o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari bo‘yicha 68 nafar bemorga shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilib, ularning hayoti saqlab qolingan. Oldinlari bu operatsiyalar faqat Andijon shahrida bo‘lgan.
“Lekin Shahrisabz, Kasbi, Sirdaryo tumanlarida bunday markazlarni tashkil etish ishlari sust kechmoqda”, — deyiladi xabarda.