2022-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda sanoat, radiatsiya xavfsizligi talablari va yerosti boyliklaridan foydalanish talab va qoidalari 13 ming martadan ko‘proq buzilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi davlat inspektorlari tomonidan 2022-yilning yanvar—mart oylari davomida nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda 863 ta davlat nazorati, 2 111 ta nazorat-profilaktika tadbiri o‘tkazilgan.
Natijada sanoat, radiatsiya xavfsizligi talablari va yerosti boyliklaridan foydalanish talab va qoidalarining 13 ming martadan ko‘proq buzilishi holatlari aniqlangan. Tekshiruvlar vaqtida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan baxtsiz hodisa va avariyalarni oldini olish maqsadida 9 ta korxonada ishlar vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan.
660 nafar muhandis-texnik va rahbar xodimlarga nisbatan ma’murniy jazo choralari qo‘llanilgan hamda 518 million so‘mdan ortiq jarima solingan.
Nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda 2022-yilning 1-choragi davomida 14 ta baxtsiz hodisaga yo‘l qo‘yilgan. Bulardan 4 ta hodisa oqibati o‘lim bilan tugagan (solishtirish uchun: 2021-yilning shu davrida 18 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan bo‘lib, ularning 3 tasi o‘lim bilan tugagan).
Shuningdek, radioaktiv chiqindilarning aholiga va atrof-muhitga zararli ta’sirini bartaraf qilish hamda ularning o‘z vaqtida ko‘milishini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda 62 dona ishlatilmayotgan radioaktiv ifloslangan elementlar “Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti” davlat unitar korxonasi (“RRCHKP” DUK) tomonidan ko‘milishi ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning dekabrida O‘zbekistonda 4 million tonna radioaktiv chiqindi mavjudligi ma’lum qilingandi. Ushbu radioaktiv chiqindilar Sovet Ittifoqi davrida uran konlari faoliyati natijasida to‘planib qolgan. Bu muammo Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud (masalan, Qozog‘istonda — 240 million tonna).