“Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp Chempionlar Ligasida rekord natijani takrorladi.
Nemis mutaxassisi faoliyati davomida to‘rtinchi marta YChL finaliga chiqdi va bu borada Marchello Lippi, Aleks Fergyuson va Karlo Anchelottining rekordini takrorladi.
Marchello Lippi “Yuventus” bilan birga ketma-ket 1996—1998-yillar, shuningdek, 2003-yilda finalga chiqqan. Aleks Fergyuson esa “Manchester Yunayted”ni 1999, 2008, 2009 va 2011-yillarda Chempionlar Ligasi finaliga qadar olib borgan.
Italiyalik Karlo Anchelotti “Milan” bilan 2003, 2005 va 2007-yillar musobaqa finaliga chiqqan bo‘lsa, 2014-yilda “Real” bilan bu vazifani uddalagan. Agar “Real” yarim finalda “Manchester Siti” to‘sig‘idan o‘ta olsa, italiyalik mutaxassis bu borada mutlaq rekordchiga aylanadi.
Yurgen Klopp “Borussiya D” bosh murabbiyi sifatida 2013-yil finalga chiqqan edi. “Liverpul” bilan esa 2018, 2019 va 2022-yillarda bu natijani takrorladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)