“Liverpul” Chempionlar Ligasi yarim finalida “Vilyarreal” ustidan g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mersisaydliklar 2015-yildan buyon jamoani boshqarib kelayotgan Yurgen Klopp bilan birgalikda uchinchi marta nufuzli musobaqa finaliga chiqdi. “Liverpul” 2018 va 2019-yillarda Chempionlar Ligasi finaliga chiqib, birida “Real”ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan, yana birida “Tottenhem” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.
“Liverpul” o‘z tarixida 10-bor Yevropa Chempionlar Kubogi/Chempionlar Ligasi musobaqasi finaliga chiqdi. Avvalgi to‘qqizta finalning oltitasida “qizillar” zafar quchgan.
Yevrokuboklar finaliga chiqish bo‘yicha “Real” yetakchi hisoblanadi. Madridliklar 16 marta finalda ishtirok etgan. Undan keyingi o‘rinlarda “Milan” va “Bavariya” bormoqda. Har ikkala jamoa ham 11 martadan finalda qatnashgan.
Mersisaydliklar Angliya tarixida bir mavsumda Yevropa Chempionlar Ligasi, Angliya Kubogi va Angliya Liga Kubogi finaliga chiqqan ilk jamoaga aylandi.
“Qizillar” Angliya Liga Kubogi finalida “Chelsi”ni mag‘lub etib, sovrinni qo‘lga kiritgan. 14-may kuni esa Angliya Kubogi finalida yana “Chelsi” bilan bahs olib boradi.
Izoh (0)