Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Inson hamisha o‘z baxtini kutib yashaydi. Afsuski, ba’zan kutish onlari uzoqqa cho‘zilishi, yillar hash-pash deguncha o‘tib ketishi ham mumkin. O‘zbek san’atining bir guruh qizlari ham ancha yillardan buyon oq otdagi shahzodalarini kutib yashamoqda.

Ozoda Nursaidova — 48 yoshda

Foto: Instagram / @ozodaofficial

Foto: Instagram / @ozodaofficial

Xonanda Ozoda Nursaidova oktabr oyida 48 bahorni qarshilaydi. Uning to‘yi va ommadan yashirayotgan farzandi bilan bog‘liq mish-mishlar bir necha marta tarqalgan. Biroq xonanda ushbu gap-so‘zlarni rad etib keladi. Uning yonida yuradigan Abdulloh ismli bola xonandaning emas, singlisi Nilufar Nursaidovaning farzandi hisoblanadi.

Xonanda intervyularining birida shaxsiy hayoti haqidagi savolga qisqagina qilib “Shaxsiy hayotim bor, lekin uni ommaga ko‘rsatgim kelmaydi”, — deya  javob bergandi.

Manzura  — 44 yoshda

Foto: Instagram / @manzura_singer

Foto: Instagram / @manzura_singer

Xonanda Manzura 2022-yilning 21-fevralida 44 yoshni qarshiladi. Bir necha yil avval u mashhur rejissorning turmush o‘rtog‘i ekani haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi. Ammo xonanda bu kabi mish-mishlarga oydinlik kiritmagan. Faqatgina u onasi va sevimli mushugi bilan birga yashashini ma’lum qilgan.

U 2020-yilda Instagram sahifasi orqali turmush qurmagani va farzandsizligi haqidagi savollar dilini vayron qilishini bildirgan edi.“Insonning hayotida, albatta, do‘stlari bo‘ladi, faqat biz buni har doim ham anglamaymiz. Eng yaqin do‘st — bu sening ota-onang. Ular dunyodan o‘tganidan keyin senga hamisha hamroh va do‘sting Alloh.

Har bir ota-ona o‘z farzandining kelajakdagi taqdirini o‘ylab, Allohga omonat qilib, dunyodan o‘tadi. Harakat qiling, imkon qadar ular bilan vaqt o‘tkazishga va yana ularni rozi qilishga.
Ota-ona shunday ne’matki, qanaqa bo‘lishingdan qat’i nazar ular seni yaxshi ko‘raveradi. Boshqalarning gapidan xulosa qilib, sening yaqining bo‘lib, dushmanlik qilmaydi.

‘Nega farzanding yo‘q, nega turmushing yo‘q?’ deb sendan qayta-qayta so‘rab, dilingni vayron qilmaydi. Ota-ona senga Xudodan xotirjamlik, gunohlaringni afv etishini so‘rab, sen uchun jannatlardan qasrlar so‘raydi”, — degandi xonanda.

Iroda Nosirova — 41 yoshda

Foto: Instagram / @iroda_nosirova20

Foto: Instagram / @iroda_nosirova20

Aktrisa va boshlovchi Iroda Nosirova bu yil 41 bahorni qarshiladi. U hali oila qurgani yo‘q. Mish-mishlarga qaraganda, unga mashhur xonandalarning biri sovchi jo‘natgan. Qandaydir sababga ko‘ra Iroda uning taklifini rad etgan. Teleboshlovchi “Daryo”ga bergan intervyusida nega turmushga chiqmayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob bergan.

—  Menda yoshligimdan “Men kech turmushga chiqaman” degan fikr bo‘lgan, ochig‘i negaligini o‘zim ham bilmaganman. Shundan keyin biz voyaga yetib, dugonalarim turmushga chiqqandan keyin ularning hayotini, turmushini kuzatganimdan keyin turmushga chiqish fikri rejalarim so‘ngiga o‘tib qolgan. O‘sha paytda turmushga chiqishdan qo‘rqib qolganman.

Sovchilar kelganda bilmadim, nimalardir deb qaytarib yuborardik. Menda turmushga chiqishga kuchli xohish bo‘lmagan. Masalan, qizlar turmushga chiqishni xohlaydi, kelin ko‘ylak kiyishni istashadi, lekin menda nimagadir shunday xohish-istaklar bo‘lmagan. Haligacha ham kelin obrazida o‘zimni tasavvur qilolmayman.

Hamma narsa Allohdan. Men u sabab, bu sabab deyapman, balki shu sabablar bo‘lmasligi mumkin. Chunki peshonaga yozilganini faqat Alloh beradi. Nimaga bu rizq sizga berilmaganini Allohdan boshqa hech kim bilmas ekan. Kimgadir avvalroq beriladi, kimgadir keyinroq, kimgadir, umuman, berilmas. Shuning uchun Allohga behisob shukr qilaman. Hech ham xafa emasman. Nimadandir kamim bor deb his qilmayman. Chunki menda xohlagan paytim turmushga chiqib ketish imkoniyati bor. Bo‘lgan ham, — deydi Iroda Nosirova.

Munisa Rizayeva — 36 yoshda

Foto: Instagram / @munisarizaeva

Foto: Instagram / @munisarizaeva

Mashhur xonanda va tadbirkor Munisa Rizayeva oktabr oyida 36 yoshni qarshilaydi. Uning to‘yi bilan bog‘liq gap-so‘zlar bir necha bor tarqalgan. Hatto 2014-yili Munisa Rizayevaning qo‘lini xonanda Jasur G‘oyipov so‘ragandi. Afsuski, oradan ko‘p vaqt o‘tmay ijodkorlarning munosabati buzilgandi.

2021-yilning yanvar oyida Munisa Rizayeva Instagram orqali turmushga chiqayotganini ma’lum qilgandi.

“Oddiy, yaxshi inson. Meni yaxshi ko‘radigan. Mendan kichkinalar. Men uchun hamma narsaga tayyorlar. Eng asosiysi, menga ijod qilishga, qo‘shiq aytishga ruxsat beradilar. Ular san’at sohasidan emas”, — degandi xonanda.

Keyinroq esa xonanda ushbu so‘zlari hazil ekanini aytgan.

Munisaning onasi Dilorom Rizayeva intervyularidan birida qizining haligacha oila qurmayotgani sababiga to‘xtalgandi.

“Munisa ikkita oliy ma’lumotli qiz. Shunday darajaga erishgan qiz. Sovchilar kelishadi Qashqadaryodan, Surxondaryodan. Oliy ma’lumoti yo‘q. Men yomon demayman ularni. Yaxshi-yaxshi oilalardan kelishadi. Lekin ma’lumot, ilm darajasi har xil. Munisa ‘Oyi, bu inson menga qiziq emas, turmush o‘rtog‘im mendan aqlliroq bo‘lishi kerak. Men ishimda liderman, lekin turmushda ham lider bo‘lishni istamayman’, deydi. Yaqinda bitta yaxshi oiladan sovchi keldi. Munisa tanishib, gaplashib yurdi. Biroz vaqtdan so‘ng ‘Munisa qo‘shiq aytmasin, sahnani tashlasin’, deyishdi. Vaholanki, ular sovchi bo‘lib kelishayotganida bilishgan-ku, qayerga kelayotganini. Munisa ularga ham rad javobini berdi”, — degan edi Dilorom Rizayeva.

Shuningdek, xonandaning onasi Munisa turmushga chiqmoqchi bo‘lgan yigitlarga qo‘yiladigan talablarni ham sanab o‘tgandi.
“Birinchi o‘rinda oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak. ‘Agar oliy ma’lumoti bo‘lmasa, ko‘rishmayman ham, gaplashmayman ham’, deydi Munisa. Ikkinchidan, ma’lumoti bor, shu yoshgacha nimaga erishgani muhim. Chunki Munisaning o‘zi 34 yoshda, unga uylanmoqchi bo‘lgan yigitlar kamida 34 yoki 35 yoshda bo‘lishi kerak”, — degandi Dilorom Rizayeva.
Sitora Farmonova — 38 yoshda

Foto: Instagram / @sitorafarmonovaofficial

Foto: Instagram / @sitorafarmonovaofficial

Aktrisa Sitora Farmonova 2022-yilning 20-avgustida 38 yoshni qarshilaydi. U ham hamon oq otdagi shahzodasini kutayotganlardan.

Aktrisaning onasi Zamira Farmonova ko‘rsatuvlarning birida taniqli aktyor Aziz Rametov qizining qo‘lini so‘ragani haqida so‘zlab bergandi.

“Aziz Rametov bir necha marta qizimga uylanish niyati borligini aytgan. Onajon, xo‘p deng, qizingizga uylanaman, sovchi yuboraman, u bilan necha yildan beri bir-birimizni taniymiz, xarakterimizni bilamiz, degan. Lekin taqdir ekan. Allohim bularning yulduzlarini bir-biriga o‘xshatmadi. Aziz Rametov juda yaxshi bola, uning onasini taniyman, juda yaxshi inson, — deydi Zamira Farmonova.

Shuningdek, aktrisaning onasi qizining nima sababdan hanuzgacha turmushga chiqmayotgani haqida ham gapirdi.

“Sitora qizim men ishimni birinchi o‘ringa qo‘yaman, karyera qilaman, deb mehnat qilib yurdi. Sitoraga sovchi qo‘ygan yigitlar bitta shart qo‘ydi: ‘San’atingizni tashlaysiz’, degan. Qizim shuncha yil mehnat qildim, turmushga chiqaman deb, san’atni tashlamayman, deb ko‘nmagan”, — deya so‘zlarini davom ettiradi Zamira Farmonova.

Sug‘diyona Azimova — 36 yoshda

Foto: Instagram / @sugdiona_aziimova

Foto: Instagram / @sugdiona_aziimova

Aktrisa va stilist Sug‘diyona Azimova 2022-yilda 36 yoshni qarshilaydi. Aktrisa intervyularidan birida oq ko‘ylak kiyishdan umidini uzgani haqida gapirgan edi.

— Oq ko‘ylak kiyib kelin bo‘lishdan umidimni uzdim. Bilmadim bu yog‘iga hayotim qanday bo‘ladi, ammo bu yoshda meni kimdir katta to‘y qilib uylanishiga ham ishonmay qo‘ydim, — deydi.

Feruza Normatova — 33 yoshda

Foto: Instagram / @feruzanormatova

Foto: Instagram / @feruzanormatova

Mahoratli aktrisa Feruza Normatova bu yil 33 yoshni qarshilaydi. Afsuski, u ham hamon oila qurgani yo‘q. Aktrisaning Shahzod Sultonov bilan yaqinligi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Ammo hozircha to‘ydan darak yo‘q.

Aktrisa Instagram orqali “O‘zingizdan 1-2 yosh kichik bo‘lgan insonga turmushga chiqarmidingiz?” degan savolga quyidagicha javob bergandi.

“1-2 yosh kichkina bo‘lsa ham turmushga chiqaveraman, faqat o‘zimni odamim bo‘lsin. Faqat meni sevsin. Shunday odam bo‘lsa yoshining ham farqi yo‘q”, — deb yozgandi Feruza Normatova.

Yulduz Rajabova — 33 yoshda

Foto: Instagram / @yulduzrajabovaofficial

Foto: Instagram / @yulduzrajabovaofficial

Yil so‘nggida 33 bahorni qarshilaydigan aktrisa Yulduz Rajabovaning shaxsiy hayoti ham doimgidek sokin. Faqatgina “Mendirman Jololiddin”serialining taqdimot marosimida bosh rollar ijrochilari Emre Kiviljim va Yulduz Rajabova o‘rtasida o‘zaro iliq, do‘stona va samimiy munosabatlar borligi ko‘zga tashlandi.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

2021-yilning 23-dekabr kuni aktyor sahifasiga Yulduz bilan tushgan suratini joylab, “Tug‘ilgan kuning bilan, sevgilim”, deb uni tavallud kuni bilan tabrikladi.

Shahlo Ahmedova — 28 yoshda

Foto: Instagram / @shahloahmedova

Foto: Instagram / @shahloahmedova

Xonanda Shahlo Ahmedova tez orada 28 yoshni qarshilaydi. Xonanda hozircha oila qurmagan. Hamisha ijodi kabi sirli bo‘lishga intiladigan ijodkor shaxsiy hayotini ham ommadan yashiradi.

Bokschi Shahram G‘iyosov bilan birga tushgan suratlarini  tez-tez Instagram sahifasiga joylaydigan Shahlo Ahmedovadan muxlislar  “Agar Shahram G‘iyosovga turmushga chiqsangiz, to‘yga chaqirasizmi?” deb savol yo‘llashgandi.

“Men unga turmushga chiqmayman, biz axir do‘stmiz-ku! Bunaqa gaplarni yozishni bas qiling, iltimos”, — deb yozgan Shahlo Ahmedova.

Luiza Rasulova — 27 yoshda

Foto: Instagram / @luiza_rasulova

Foto: Instagram / @luiza_rasulova

Aktrisa Luiza Rasulova bu yil 27 yoshni qarshilaydi. Aktrisa ham shu paytgacha oila qurmagan. Luiza so‘nggi paytlarda film va seriallarda suratga tushmayotgan bo‘lsa-da, bir necha loyihalarda boshlovchilik qilmoqda. Shuningdek, u o‘zining shaxsiy brendiga asos solgan bo‘lib, ayollar go‘zalligiga hissa qo‘shuvchi biofaol qo‘shimchalar sotuvini yo‘lga qo‘ygan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda dam olish kunlari qanday ob-havo bo‘ladi?
Dunyo
“Rossiyani fojiadan, rus armiyasini bo‘lsa xo‘rlikdan qutqarish imkoningiz haliyam bor”. Ukraina Mudofaa vaziri rus harbiylarini zudlik bilan jangdan bosh tortishg...
Mahalliy
“Xodimlar o‘zboshimchalik bilan qoidalarni buzgan” — Qashqadaryoda elektromontyor tok urishidan vafot etgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi