• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12768.26
    • RUB162.63
    • EUR14400.04
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +23°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Madaniyat

    Qatag‘onda omon qolgan pasport, Sulaymonqul choponi, “Kecha va kunduz”ning ilk nashri — Andijondagi Cho‘lpon yodgorlik muzeyidan reportaj

    Ma’rifatparvar jadid Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon o‘zbek milliy tafakkuri rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkordir. Uning adabiy merosi va nomini abadiylashtirish maqsadida 1997-yili Andijonda Cho‘lpon yodgorlik muzeyi ochilgan. Bu maskanda saqlanayotgan nodir eksponatlar har bir tashrifchini qiziqtirmay qo‘ymaydi. “Daryo” muxbiri ushbu muzeydan reportaj tayyorladi.

    25 yillik muzey

    Andijon shahrining Soy dahasida Cho‘lpon nomi bilan ataluvchi istirohat bog‘i bor. Bog‘ga kiraverishda o‘ychan qiyofadagi shoir haykali qad rostlagan. Bog‘ning bir burchidagi g‘ishtin, ayvonli binoda yodgorlik muzeyi tashkil etilgan.

    Foto: “Daryo”

    Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Iskandar Madg‘oziyevning aytishicha: “Cho‘lpon tug‘ilib, yashagan xonadon Andijon shahrining hozirgi Navoiy shoh ko‘chasidagi osma ko‘prik va 24-umumta’lim maktabi atrofida bo‘lgan. Bir paytlar juda mashhur hisoblangan “Yambol” savdo majmuasining qurilishi sabab shoir tavallud topgan uy buzib tashlangan. Shu tariqa uy-muzeydan ham umid uzilgan.

    Foto: “Daryo”

    1997-yili Cho‘lpon tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida hukumat qarori chiqqan. Shoir shaxsiyatini abadiylashtirish maqsadida mazkur bog‘ hududi obodonlashtirilib, haykal o‘rnatilgan va uning nomi berilgan. Muzey ham o‘sha yili tashkil etilgan, ungacha umuman bo‘lmagan. 2016-yili Cho‘lpon haykali bog‘ning kiraverish qismiga ko‘chirildi”.

    Sulaymonqul choponi, Oyshabibi sepidagi gilam...

    Muzeyga kirarkanman, dahlizdan asosiy xonalarga o‘tishdan avval to‘g‘ridagi o‘yga tolgan Cho‘lpon portretiga ko‘zim tushdi. Taniqli musavvir Najmiddin Qoziyev chizgan bu surat birdan diqqatni tortadi.

    Foto: “Daryo”

    Uch xonadan iborat muzeydagi eksponatlarni ko‘rish uchun sayohatimni chap tarafdagi xonadan boshladim. Cho‘lponning bolaligidan ijodining ilk davrigacha hikoya qiluvchi ushbu bo‘lim burchagida o‘zbekona xona yasatig‘liq.

    Foto: “Daryo”

    “Tarixiy suratlar, shoir qarindoshlarining fikrlariga asoslanib, ramziy ma’noda Cho‘lpon tug‘ilgan hovlini yasab, bezatishga harakat qilganmiz. XIX asr oxiri XX boshlaridagi o‘zbek xonadonlari taxminan shunday ko‘rinishda bo‘lgan. Bu yerdagi buyumlarning ko‘pi Cho‘lpon oilasiga tegishli.

    Oyshabibining kelinlik sepidagi gilam

    Oyshabibining kelinlik sepidagi gilam
    Foto: “Daryo”

    Masalan, yog‘ochdan yasalgan mana bu javon adib xonadonida ko‘p yil ishlatilgan. Katta ehtimol bilan uning o‘zi ham foydalangan bo‘lishi mumkin. Shoirning onasi Oyshabibi turmushga chiqayotganda kelinlik sepida ushbu gilam ham bo‘lgan. Devorga ilingan chopon Cho‘lponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammadyunus o‘g‘liga tegishli. U savdogar va ziyoli inson bo‘lgani uchun o‘sha davrning o‘ziga to‘q kishilari kiygan chopon unda ham bo‘lgan.

    Cho‘lponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammadyunus o‘g‘lining choponi

    Cho‘lponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammadyunus o‘g‘lining choponi
    Foto: “Daryo”

    Yodgorlik muzeyi tashkil etilayotgan paytda shoir avlodlari ham yaqindan yordam berib, o‘zlari saqlayotgan ko‘plab tarixiy ashyolarni olib kelib, topshirgan. Bular biz uchun eng qadrli va tarixiy qiymatga ega eksponatlar”, — deydi Iskandar Madg‘oziyev.

    Cho‘lpon shajarasi

    Bir necha qadam tashlagach, Cho‘lpon shajarasidan “so‘zlovchi” ma’lumotnomaga ko‘zim tushdi. Shoirning jiyani Sharifa Mirzaxo‘jayeva tuzgan shajarada yozuvchining olti-yetti avlodi va ajdodlarining kelib chiqishi Andijonning Xo‘jaobod tumanidagi Yorqishloqqa borib taqalishi ham qayd etilgan. Keyinchalik ular Andijon shahriga ko‘chib kelib, muqim yashay boshlagan.

    Cho‘lpon shajarasi

    Cho‘lpon shajarasi
    Foto: “Daryo”

    “Kindigi teshada kesilgan va ayollar Teshaboy deb chaqirgan”

    Andijonlik taniqli rassom Qambarali Yusupov chizgan surat ham diqqatni tortgulik. Unda Cho‘lpon oila a’zolari: otasi Sulaymonqul Mulla Muhammadyunus o‘g‘li, volidasi Oyshabibi Qipchoqboy qizi, singillari – Komila, Fozila va Foiqaga ijod namunalaridan o‘qib berayotgani tasvirlangan.

    Taniqli rassom Qambarali Yusupov chizgan surat

    Taniqli rassom Qambarali Yusupov chizgan surat
    Foto: “Daryo”

    “Cho‘lpon Andijon shahrida tug‘ilib, ulg‘aygan. Oilaning to‘ng‘ichi bo‘lgan. Ammo ungacha ikki-uch nafar farzand tug‘ilib, ko‘p yashamasdan vafot etgani aytiladi. Shu bois irim sifatida Cho‘lpon tug‘ilganida uzoq umr ko‘rib, yashab ketsin, degan ma’noda kindigini teshada kesishgan. Uni ayollar erkalab ‘Teshaboy’ deb chaqirgan. Cho‘lponning o‘zi ham bir qancha maqolalari, she’rlarini Teshaboy taxallusi bilan e’lon qilgan”, — deydi tadqiqotchi Madg‘oziyev.

    “Otasi Sulaymonqul Mulla Muhammadyunus o‘g‘li Andijon shahrining eng ziyoli, ma’rifatparvar shaxslaridan biri bo‘lgan. Arab, fors tillarini mukammal bilgan, o‘zi ham she’rlar yozgan, din masalalarida ham bilimi kuchli bo‘lgan. Shuning uchun ham Cho‘lpon va qizlarini madrasa, maktablarda o‘qitgan. Farzandlarining ta’limi uchun mablag‘i, e’tibori, vaqti va mehnatini qizg‘anmagan.

    Foto: “Daryo”

    Cho‘lponni dastlab madrasada, so‘ng rus tilini puxta o‘rganib, dunyoviy bilimlarni ham egallashini xohlab, rus-tuzem maktabida o‘qitgan. O‘g‘lining barcha ehtiyojlarini ortig‘i bilan ta’minlagan. XX asr boshlarida Rossiya, Tatariston, Turkiyada chiqadigan nashrlarga obuna bo‘lib, o‘g‘li qatori o‘zi ham dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lib borgan. Mana shunday muhit tufayli Cho‘lponning tafakkuri, dunyoqarashi ochilib, fikri yuksalgan. Jadidchilik g‘oyalariga qiziqib, kelajakda ijodkor bo‘lishida otasining o‘rni katta”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

    Fuqarolik pasportidan “Kecha va kunduz”ning ilk nashrigacha

    Muzeyda tarixiy eksponatlar o‘rin olgan o‘nlab burchaklar mavjud. Ammo faqat bittasiga juda qimmatli ashyolar jamlangan. Hamrohim ular haqida ma’lumot berarkan, har biri qadrli ekanini bot-bot ta’kidladi.

    Foto: “Daryo”

    “Mana bu qo‘lyozma daftar Cho‘lponning otasiga tegishli. Bunga fors va o‘zbek tilidagi yuzlab she’r va g‘azallar yozilgan. Mazkur suratdagi qizcha yozuvchining singlisi Foiqa bo‘lib, Cho‘lpon 10 yoshli singlisini o‘zi suratxonaga olib borib, rasmga tushirtirgan. Singillariga mehri juda baland bo‘lgan.

    Cho‘lponning singlisi Foiqaning 10 yoshidagi surati

    Cho‘lponning singlisi Foiqaning 10 yoshidagi surati
    Foto: “Daryo”

    Siz ko‘rib turgan Qur’oni Karim nusxasini Cho‘lponga amakisi tuhfa qilgan. Ya’ni Abdurahmon hoji haj ziyoratidan qaytishda jiyaniga sovg‘a uchun olib kelgan. Bu muqaddas kitobni Cho‘lpon yoshligida o‘qib, yod olgan. Cho‘lponga Qur’oni Karimni bergan amakisining pasporti ham shu yerda saqlanadi. Mana bu ko‘zoynak esa ramziy ma’noda yasatilgan, shoirniki emas.

    Cho‘lponga amakisi tuhfa qilgan Qur’oni Karim nusxasi

    Cho‘lponga amakisi tuhfa qilgan Qur’oni Karim nusxasi
    Foto: “Daryo”

    Bu yerdagi eng qimmat ashyolarimizdan biri shoir shaxsini tasdiqlovchi hujjatdir. U 1934-yili Moskvadan Toshkentga qaytgach, hozirgi Amir Temur xiyoboni atrofida ijara uyda yashagan. 1936-yil 3-iyulda Toshkent shahri militsiyasi tomonidan fuqarolik pasporti berilgan. Hujjat ma’lumotlari o‘zbek va rus tillarida rasmiylashtirilgan. Unda mazkur pasport besh yil davomida, ya’ni 1941-yil 3-iyulgacha amal qilishi belgilangan. Lekin Cho‘lpon qatag‘on tufayli pasportini yangilashga ulgurmagan”, — deydi Iskandar Madg‘oziyev.

    Cho‘lponning pasporti

    Cho‘lponning pasporti
    Foto: “Daryo”

    Pasportda Cho‘lponning ism-sharifi o‘zbek tilida lotin harflari bilan Sulaymanov Abdul-Hamid Sulayman (rus tilida esa Suleymanov Abdul-Gamid Suleymanovich) tarzida yozilgan. Uning 1897-yili Andijonda tug‘ilgani-yu, millati o‘zbek, xizmatchi oilasidan ekani, doimiy turar joyi Toshkent shahridaligi ham qayd etilgan. YuB seriyali, 108142 raqamli ushbu pasportda Cho‘lponning shaxsiy imzosi qo‘yilgan.

    Cho‘lponning pasporti

    Cho‘lponning pasporti
    Foto: “Daryo”

    Tadqiqotchining aytishicha, fuqarolik hujjatini u doim yonida olib yurgan. Qamoqqa olingan vaqtda ham pasporti cho‘ntagidan chiqqan va hujjat NKVD (Ichki ishlar komissarligi) idorasida undan olib qo‘yilib, uzoq yillar o‘sha yerda saqlangan. Cho‘lpon oqlangach, pasport avlodlariga qaytarilgan. Muzey ochilgan paytda hujjat qarindoshlari tomonidan taqdim etilgan.

    “Kecha va kunduz” romanining ilk nashridan bittasining muqovasi

    “Kecha va kunduz” romanining ilk nashridan bittasining muqovasi
    Foto: “Daryo”

    “Kecha va kunduz” romanining ilk nashridan bittasining kirish qismi

    “Kecha va kunduz” romanining ilk nashridan bittasining kirish qismi
    Foto: “Daryo”

    Mazkur bo‘limdan shuningdek, Cho‘lponning ilk ijod namunalari, matbuotdagi chiqishlari, asarlari, ijodiy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar va nusxalar o‘rin olgan. Eng ahamiyatlisi, “Kecha va kunduz” romanining ilk nashridan bittasi mana shu yerda saqlanadi.

    O‘zbek teatr san’atining otalaridan biri

    Muzeydagi ikkinchi xona Cho‘lponning jurnalistika va teatr sohasidagi yutuqlariga bag‘ishlangan. Shoir ko‘p yillar “Sadoyi Turkiston”, “Rosta”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Inqilob”, “Yangi sharq”, “Darxon” kabi nashrlarda faol chiqishlar qilgan, ayrimlarida muharrir sifatida ishlagan.

    Foto: “Daryo”

    “Cho‘lpon Abdulla Qodiriy bilan yelkama-yelka turib, “Mushtum” jurnaliga asos solgan. Hajviy ruhdagi tanqidiy maqola va she’rlari jurnal sahifalarida ko‘p marotaba chop etilgan. U dramaturg sifatida ham juda barakali ijod qilgan. O‘zining ilk maqolalarida Behbudiyning “Padarkush” dramasidan qattiq ta’sirlanib, “Boy” nomli dastlabki kichik pyesasini 17 yoshida yozganini bayon etadi.

    Keyinchalik, u 20 ga yaqin sahna asarlarini yozgan. Bizgacha “Yorqinoy”, “Temirchi”, “Mushtumzo‘r”, “Hujum” kabi beshtacha sahna asarining matni yetib kelgan, xolos. Yaqinda Rossiya arxivlarini o‘rganish jarayonida “Yana uylanaman” nomli pyesasining rus tiliga tarjima qilingan matnini topishga muvaffaq bo‘ldik. Matn o‘zbek tiliga o‘girildi va yaqinda e’lon qilinish arafasida.

    Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Iskandar Madg‘oziyev

    Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Iskandar Madg‘oziyev
    Foto: “Daryo”

    U Shekspirning “Hamlet”, K.Gossining “Malikayi Turandot”, Shillerning “Qaroqchilar” kabi dunyo teatrining eng nodir asarlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan. Uni o‘zbek teatr san’atining otalaridan biri, deyishimiz mumkin. Chunki ham dramaturg, ham san’atshunos olim sifatida o‘zbek teatri rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

    Fayzullo Xo‘jayev tashabbusi bilan Moskvadagi “Buxoro maorif uyi” qoshida birinchi o‘zbek drama studiyasi tashkil qilinadi. Cho‘lpon u yerda adabiy emakdosh, tarjimon sifatida ishlab, professional o‘zbek teatrining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Drama studiyasida Sora Eshonto‘rayeva, Mannon Uyg‘ur, Abror Hidoyatov, Obid Jalilov kabi san’atkorlar tahsil olgan”, — deydi Iskandar Madg‘oziyev.

    “Shaxsiy hayoti ham fojialarga to‘la bo‘lgan”

    Uchinchi xonada Cho‘lponning tarjimon sifatidagi faoliyati, ijodiga oid qilingan ilmiy ishlar, shaxsiy hayoti, avlodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

    “Umri davomida uch marta oila qurgan. Birinchi rafiqasi Mohiro‘ya ismli tatar millatiga mansub o‘qituvchi qiz bo‘lib, u bilan uzoq yashamasdan ajrashadi. 1923-yili Soliha degan qizga uylanib, uzoq yil birga yashaydi. Ammo farzand ko‘rmagani va boshqa sabablar bilan ajrashadi.

    Foto: “Daryo”

    1932-yili Moskvaga ketadi va u yerda Yekaterina Ivanovna ismli ayolga uylanadi. Keyinchalik Toshkentga qaytganida ham turmush o‘rtog‘i bilan birga keladi. Cho‘lponga nisbatan xuruj, tazyiq kuchaysa kuchayadiki, lekin susaymaydi. Shunday ruhiy bosimlar tufayli qandli diabet kasalligini orttirib olgani, Sochi shahrida davolanib kelgani haqida aytiladi. U umrining so‘nggi paytlarida moddiy tomondan qiyin ahvolda qoladi. Faqat tarjima orqali topgan qalam haqiga kun kechiradi.

    Foto: “Daryo”

    Rus ayoli Yekaterina shunday vaziyatlarda ham uni to‘g‘ri tushunib, parvarishlaydi, yonida bo‘lib, hayotining oxirigacha birga yashaydi. U sadoqatli rafiqa bo‘lgan. Cho‘lpon qamoqqa olinib, qatag‘on qilinganidan keyin ham ancha vaqt o‘tib, umr yo‘ldoshi taqdiriga qiziqib, NKVD idorasiga xatlar yozgan. Maktublari Cho‘lpon jinoyat ishi hujjatlari orasida haligacha saqlanadi”, — deydi ilmiy tadqiqotchi.

    Foto: “Daryo”

    Cho‘lpon 1957-yili shaxs sifatida oqlanadi-yu, ijodi qoralanganicha qolaveradi. Asarlaridagi isyonkorlik xalqqa ta’sir qilishidan hamisha hayiqishgan. Ijod namunalari ham uzoq yillar qayta chop etilmaydi.

    “1987-yilga kelib, Ozod Sharafiddinov, Naim Karimov kabi cho‘lponshunos olimlar tomonidan uning maqolalari, kitoblari nashr etildi. Bevosita Cho‘lpon ijodi bilan bog‘liq 30 dan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi, ilmiy tadqiqotlar qilindi, o‘rganishlar olib borildi.

    Foto: “Daryo”

    1991-yilning 25-sentabrida mustaqil O‘zbekiston davlat rahbari Cho‘lponni Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofotiga loyiq ko‘rgan. 1999-yili “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlangan. Uni Cho‘lponning singlisi Foiqa aya qabul qilib olgan”, — deydi Iskandar Madg‘oziyev.

    Farzand ko‘rmagan adib

    Cho‘lpon avlodlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi stend va burchakdagi ma’lumotlarga ko‘z yugurtiraman. Suhbatdoshim bu haqda ham gapirib berishni ma’qul ko‘rdi.

    Foto: “Daryo”

    “Cho‘lpon farzand ko‘rmagan. Komila ismli singlisi yoshligidayoq hayotdan ko‘z yumgan. Fozila degan singlisi 1994-yili vafot etgan, u ham befarzand o‘tgan. Faqat Foiqa ismli singlisi 8 farzandni dunyoga keltirgan. Jiyanlari tog‘asining nomini abadiylashtirish yo‘lida ancha jonbozlik ko‘rsatgan. Jiyani O‘ktam Mirzaxo‘jayev Cho‘lpon asarlarini qayta nashr etish, muzey tashkil qilinishi va eksponatlar boyishida faol bo‘lgan. Bugungi kunda shoirning Mahmudjon va Sharifa ismli jiyanlari hayot. Ular ham ancha keksayib qolgan.

    Cho‘lponning singlisi Foiqa aya portreti va unga tegishli kiyimlar

    Cho‘lponning singlisi Foiqa aya portreti va unga tegishli kiyimlar
    Foto: “Daryo”

    Mana bu suratdagi Foiqa aya bo‘ladi. Portret Najmiddin Qoziyev tomonidan ishlangan. Ushbu kiyimlar ham Foiqa ayaga tegishli. U ayol 1995-yili vafot etgan”, — deydi Madg‘oziyev.

    “Cho‘lpon ijodiga bizdan ko‘ra yevropaliklar ko‘proq qiziqadi”

    Ayni paytda “Andijon adabiy muhiti” mavzusida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Iskandar Madg‘oziyev o‘zbek yoshlarining ko‘pchiligida Cho‘lpon ijodiga qiziqish yo‘qligini achinish bilan qayd etdi.

    Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Iskandar Madg‘oziyev

    Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Iskandar Madg‘oziyev
    Foto: “Daryo”

    “Cho‘lpon nafaqat o‘zbek millati, yana turkiy xalqlar ozodligi uchun kurashgan va shu yo‘lda jon bergan milliy qahramon. U katta shaxs. Ma’naviyatimiz, madaniyatimiz tarixida ulkan o‘ringa ega. Cho‘lpon ijodiga O‘zbekistondan ko‘ra Turkiya va bir qancha Yevropa mamlakatlarida qiziqish katta. Ayniqsa, Turkiyada uning ijodini hurmat qilib, yuksak ehtirom bildiradigan, ilmiy ishlar olib borayotgan olimlar ko‘p.

    Afsuski, o‘zbek yigit-qizlarining Cho‘lpon ijodiga nisbatan ishtiyoqi havas qilgulik emas. Ushbu muzeyni eksponatlar bilan boyitishga, Cho‘lpon faoliyati va shaxsiyatiga qiziquvchilarni jalb etish uchun targ‘ibot ishlarini olib borishga harakat qilyapmiz. Ammo bu yerga tashrifchilar, yoshlarning kelishi qoniqarli darajada emas. Biz tashviqot ishlarini kuchaytirib, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishda davom etaveramiz”, — deydi u.

    Foto: “Daryo”

    Muzey mudiri Kamoliddin Mamatqulovning aytishicha, muzeyga kirish kattalar uchun 3 ming so‘m, yosh bolalar uchun esa 2 ming so‘m etib belgilangan.

    “Bir oyda o‘rtacha 100 nafar atrofida odam keladi. Asosan, maktab o‘quvchilari, talabalar. Lekin ularning soni ko‘p emas. Imkon qadar targ‘ib etishga, xalq ta’limi bo‘limlari va sayyohlik firmalari bilan hamkorlik qilyapmiz. Ammo bu yerga keluvchilar soni ko‘payishini istaymiz. Chunki Cho‘lpon oddiy bir shaxs emas”, — deydi Kamoliddin Mamatqulov.

    Yodgorlik muzeyidan chiqarkanman, bir necha soat vaqtim qanday o‘tganini sezmay ham qoldim. Cho‘lpon haqida katta bir kitobni mutolaa qilgandek bo‘ldim, bilmaganlarimni bilib, bilimlarim boyidi. Muhimi, adib va uning oila a’zolariga tegishli nodir ashyolarni ko‘rishga erishdim. Mabodo, Andijon tomonlarga yo‘lingiz tushsa, 3 ming so‘m pulingiz va biroz vaqtingizni qizg‘anmay, shu yerni ham bir ko‘rib keting.

    16.04.2022, 14:45   Izoh (0)   41020
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Abadiy ishonchlilik va xavfsizlik: GWM sohaning yangi standartlarini joriy etmoqda


    “Biznesni rivojlantirish banki” biznes uchun qulay innovatsion bank bo‘lishga intilmoqda


    Octobank bankomatlarni BS/2 bilan birga “aqlliroq” qiladi


    LUKOIL: yosh iste’dodlar ovozi katta sahnada yangradi


    UZTELECOM 10 Gbit/s tezlikdagi uy internetini foydalanuvchilarga taqdim etdi


    Centrum Air yangi Airbus A320neo — aviaparkidagi to‘qqizinchi samolyotni qabul qilib oldi 


    ANORBANK va BS/2 O‘zbekistonda banklarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirmoqda


    Chery gazga o‘tmoqda: kafolat to'liq saqlanib qolinadi, o‘rnatish esa 31 maygacha bepul! 


    MKBANK xalqaro moliya bozorida: Qozog‘iston banklaridan 15 million dollar jalb qilindi


    Xon Saroy tomonidan an’anaviy “Mening orzuyimdagi uy” rasmlar tanlovi boshlandi 


    Ipoteka Bank OTP Group o‘zini o‘zi band qilganlarga yangi ipoteka dasturini ishga tushirdi: hujjatlarsiz, asabbuzarliksiz, samarali natijalar bilan


    So‘zlar ahamiyatga ega: TBC Bank 8-mart tabriklarini pullarga aylantirib, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatladi


    Sistit — bu uyat emas!


    “O‘zbekinvest” IUA aʼzosiga aylandi va Londonning global sug‘urta bozorida o‘z mavqeini mustahkamladi


    2025-yilning 5 oyi davomida Mobiuz minglab tayanch stansiyalarini ishga tushirdi va texnik infratuzilmani zamonaviylashtirdi

     

    Tavsiya etamiz

    Gitlerdan so‘ng eng mashhur natsist – dorga osilgan Ribbentropning ayanchli taqdiri

    31 may, 19:25

    “Ikki xonali uy uchun 715 mln so‘mdan”. “Daryo”dagi maqoladan so‘ng poytaxt hokimligi uysiz qolgan aholiga xonadon sotib olish uchun mablag‘ ajratdi

    28 may, 21:15

    Budapesht fasadlari: sanʼat ko‘chada yashaydi (foto)

    27 may, 10:00

    Gestapo va KGB xizmatida bo‘lgan buxorolik “Shtirlits”

    26 may, 19:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Rossiya Kubogi. “SSKA” superfinalda “Rostov”ni yengib, bosh sovringa ega chiqdi, Fayzullayev zaxiradan maydonga tushdi

    Sport | 1 iyun, 22:48

    Turkiyada Ukraina va Rossiya muzokaralarining 2-raundi bo‘lib o‘tadi

    Dunyo | 1 iyun, 22:45

    Futbol tarixidagi eng kuchli 10 ta futbol akademiyasi nomi e’lon qilindi

    Sport | 1 iyun, 21:47

    Isroil tanklari G‘azoda ovqat kutayotganlarga o‘t ochib, 32 kishini o‘ldirdi

    Dunyo | 1 iyun, 21:45

    “Daryo” videoreportaji: Namanganda 500 ta dron ishtirokidagi shou

    O‘zbekiston | 1 iyun, 21:00

    Qozog‘iston armiyaning tayyorgarligini tekshirish uchun mashqlar o‘tkazadi

    Qozog‘iston | 1 iyun, 20:40

    Mayda oylik inflyatsiya keskin oshdi. Qaysi hududlarda narxlar tez o‘smoqda?

    Iqtisodiyot | 1 iyun, 20:13

    Ukraina Rossiya harbiy aerodromlariga hujumga 1,5 yil tayyorgarlik ko‘rgan — OAV (foto)

    Dunyo | 1 iyun, 20:05
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.