Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani “Solpi” mahallasida yashovchi fuqarolar “Daryo”ga murojaat qilib, hududda mayda qora hasharotlar to‘dasi paydo bo‘lganini aytmoqda. “Daryo” muxbiri Xo‘jaobod tumanida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.
“Solpi” mahallasining Sanoat 1-tor ko‘chasida yashovchi Aziza Rahmatovaning aytishicha, qora rangdagi hasharotlar bir oy avval dastlab o‘choq atrofida paydo bo‘lgan.
“Avvaliga bu hasharot o‘choq tagida, mo‘ri atrofida paydo bo‘ldi. Men uni mo‘ridan chiqqan qora kuya, qandaydir uchqun deb o‘ylabman. Keyin borgan sari ko‘payib ketdi. Sekin-asta devorlarga chiqa boshladi va derazadan uyga kirib hamma yoqda paydo bo‘ldi. Uyda esa kiyim-kechaklar ichiga kirib, chaqa boshladi. Bu hasharot chaqaverganidan to‘yib, ikki hafta singlimnikida yashab keldim. Men nafaqaga qarab qolgan odamman. Nima qilishni bilmay qo‘shnimdan qarz olib ‘zooapteka’dan dori olib keldim. Uylarni doriladim, haqiqatda o‘ldi. Lekin to‘liq yo‘qolmadi, qaytanga mana shu bog‘ tarafdan yana bostirib kelyapti”, — deydi Aziza Rahmatova.
Yana bir fuqaro Munisxon Yo‘ldosheva hasharot haqida dastlab xabar berilganida mas’ullar o‘rganishga kelsa, odamlar bunchalik jabr ko‘rmagan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
“Shuni oldinroq kelib o‘rganishsa bo‘lardi-ku. Endi hamma joyni hasharot bosganda kelasizlarmi? SESga murojaat qilindi. Lekin hech kim kelib o‘rganmadi. Kimdir kelib bunga vaqtida chora ko‘rsa, ommaviy axborot vositalari vakillarini chaqirishga hojat bo‘lmasdi. Bu hasharotlar bog‘dan o‘tgan”, — deydi Munisxon Yo‘ldosheva.
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Xo‘jaobod tumani bo‘limi boshlig‘i Rustam Mirkomilovning aytishicha, ushbu hasharotlar namgarchilikda ko‘payib, quyoshli kunlarda yo‘qolib ketadi. Ularni oddiy ohak kukuni bilan ham yo‘qotib yuborish mumkin.
“O‘zim ham shu mahallada yashayman. Hasharot paydo bo‘lib, uylarga kirayotganini aytishgach, uni qanday qilib yo‘qotishni so‘rashganda tushuntirganman. Bu hasharot eng oddiy zahardan ham o‘ladi. Aslida bu hasharot namlik ko‘payganda chiqadigan hasharot. Namlikda ko‘payadi. Kunlar isigan sari bu hasharot o‘z-o‘zidan yo‘qolib, halok bo‘ladi. Bu hasharotlarning insonga zarari yo‘q. Oddiy ohak kukunini bo‘lsa-da devor atrofiga sepib qo‘ysak, o‘sha yerning o‘zida yo‘qolib ketadi”, — deydi Rustam Mirkomilov.
Materialni tayyorlash jarayonida “Daryo” muxbiri bilan bog‘langan Munisxon Yo‘ldosheva o‘rganish olib borilgan kuni mahallaga va uylarga dori sepilganini, natijada hasharotlar o‘lganini bildirgan. Biroq uning ta’kidlashicha, tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da bog‘dan chiqayotgan hasharotlar oqimi to‘xtamayapti. Qo‘shma korxona mutasaddilaridan bog‘ga ham dori sepishlari so‘ralganida ular ko‘chatlar meva tugmaguncha hech qanday kimyoviy vositalarni sepmasliklarini bildirgan.