Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov “Daryo” nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonda shakar, bug‘doy va un eksport-importi, ushbu mahsulotlar narxida kuzatilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.

Rossiya va Ukrainada shakar eksporti taqiqlanishi O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qiladi?

Bugungi kunda ko‘p davlatlar geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib shakar va un mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etmoqda. Xususan, Rossiya va Ukraina ham. Avvalo, shakar mahsuloti bilan bog‘liq holat haqida gapirsak. O‘zbekistonda 2021-yilda shakar importiga bojxona boji o‘rnatilgan. O‘tgan yili deyarli tayyor shakar import qilinmagan. O‘zimizda 2 ta mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi zavod mavjud. Har birining ishlab chiqarish quvvati 600 ming tonnani tashkil etadi. Ular mahsulot xomashyosini Braziliyadan olib keladi. Mahsulot esa o‘zimizda ishlab chiqariladi.

O‘tgan yili 500 ming tonnadan ziyod shakar ichki bozorga realizatsiya qilingan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 24 ming tonna tayyor shakar import qilingan. Shundan 5 ming tonnasi Rossiya, 3 ming tonnadan ortiqrog‘i Ukrainadan import qilingan. Rossiya va Ukrainada shakar eksportiga cheklovlar joriy etilishi ichki bozorimizga ta’sir qilmaydi. Buning ta’minot bo‘yicha ham, narx borasida ham ta’siri yo‘q.

Hozirda zaxiramizda 260 ming tonnadan ziyod shakar resursimiz mavjud. Ya’ni bundan 50 ming tonnasi tayyor shakar, 200 ming tonnasining xomashyosi olib kelingan (resurs bor). Birja savdolarida oyiga 40-50 ming tonna shakar sotiladi. Bugungi kundagi resursimizning o‘zi kamida 6 oyga yetadi. Bundan tashqari, har kuni qo‘shimcha yetkazib berishlar joriy qilingan. Masalan, 260 ming tonna resursimiz bo‘lsa, erta yo indinga uning ustiga 50 ming tonna qo‘shiladi. Bu doimiy realizatsiya qilib borilmoqda.

Shakar uchun xomashyo to‘liq ta’minlab berilyapti. Keyingi yilgacha ham shakar xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha muammolar bo‘lmaydi. Bu haqidagi xavotirlar o‘rinsiz.

Ulug‘bek Davlatov

Ulug‘bek Davlatov
Foto: “Daryo”

Dunyoda shakar narxining o‘sishi O‘zbekistonda ham mahsulot qimmatlashishiga olib keladimi?  

Jahon birjalarida narxlar keskin o‘syapti. Lekin xorijiy hamkorlar bilan erishilgan kelishuvga asosan bizda arzon birja kotirovkalari bo‘yicha bitim imzolab olingan. Birjadagi narx keskin oshishiga qaramasdan bizga xomashyo yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, logistikada ham, dengiz orqali tashishda ham ancha muammolar bor. Masalan, sug‘urta va harbiy to‘lovlar oshmoqda. Bizning ishlab chiqaruvchilar esa narxlar ko‘tarilishidan avval, 2022-yil yakunigacha arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashgan. Logistika narxlari oshsa-da, kelishuvga asosan bizga mahsulotlar arzon narxda yetkazib beriladi. Bu birjada kotirovkalar oshishi, logistika narxlari ko‘tarilishi ham bizning mahsulotlar narxiga keskin ta’sir etmaydi, degani. Narxlar barqaror, bir xil ushlab turiladi.

To‘g‘ri, narxlar umuman oshmaydi, deya olmaymiz. Chunki valyuta kursi oshmoqda. Bu narxlarga 1-1,5 foizgacha ta’sir etishi mumkin.

Bizda shakar ishlab chiqaruvchi 2 ta zavod (“Angrenshakar” va “Xorazmshakar”) monopolist korxonalar reyestriga kiritilgan. Ularning ustun mavqeyini suiiste’mol qilmasligi, narxlarni sun’iy oshirmasligi doimiy nazorat qilinadi. Ular har oyda hisobot topshiradi.

Rossiya va Ukraina bug‘doy hamda un eksportiga taqiq qo‘ydi. O‘zbekistonda bu mahsulotlar narxi va hajmi aholi talabi uchun yetarlimi?

Bug‘doyga kelsak, qishloq xo‘jaligi vazirligi bergan axborotga ko‘ra, 2021-yilda qariyb 7 million tonna bug‘doy yetishtirilgan. Shundan 3 million tonnasi zaxiraga olingan. Qolgani dehqon va fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoldirilgan. Bundan tashqari, bizda vaqtinchalik tartib joriy qilingan. Asosan, bug‘doy unining narxi ham davlat nazoratida turibdi.

Biz un va bug‘doyni, asosan, Qozog‘istondan import qilamiz. Statistikaga ko‘ra, 2021-yilda Qozog‘istondan 2 million tonnadan ziyod bug‘doy va 400 ming tonnadan ko‘p tayyor un import qilingan.

Rossiyadan un importi umumiy importimizning 1 foizini ham tashkil etmaydi. 2021-yilda Ukrainadan bug‘doy yoki un mahsuloti umuman import qilinmagan. Rossiya va Ukrainada unga joriy qilingan cheklovlar bizning importimizga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Dunyoda bo‘layotgan voqealar Qozog‘istonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. U yerda narxlar oshishi kuzatilishi tabiiy. Ammo biz hukumatlararo kelishuvga erishganmiz. Unga asosan, mahsulotlar kelishilgan narxda yetkazib beriladi. Narxlar oshib ketmaydi.

Respublika bo‘yicha ham narxlarni keskin oshib ketmasligi uchun choralar ko‘rilmoqda. Mahalliy un nazorati “O‘zdonmahsulot” korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Joylarga chiqib narxlar o‘rganiladi. Agar sun’iy oshirilgan narxlar aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi. Mahalliy un narxi davlat tomonidan nazoratga olingani uchun import qilingan unni narxi ham nazoratda ushlab turilibdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Gitlerga maktub yozgan Gandining tug‘ilishi, maxfiy sanalgan Opus Dei tashkiloti va SSSRdagi yadroviy qurollar sinovi. Kun xronologiyasida 2-oktabr
Mahalliy
O‘zbekistonda 2-oktabr kuni harorat kechasi 7 darajagacha pasayadi
Madaniyat
Instagram: Ustozlarini tabriklayotgan mashhurlar, onasiga qo‘shni bo‘layotgan Nilufar Usmonova, Ziyodaning volidasiga atalgan syurprizi