Avvalroq Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi vaziyatlar tufayli oltin narxi ko‘tarilgani haqida xabar berilgan edi.
4-mart holatiga ko‘ra, bir unsiya narxi 1945 dollarga baholanmoqda. Taqqoslash uchun, bir oy oldin u 1802 dollarni tashkil qilgan edi.
Hozir nafaqat xorij, balki mahalliy mutaxassislar ham oltinga sarmoya kiritishni tavsiya qilishmoqda. O‘zbekistonda buni bir necha yo‘llar orqali amalga oshirish mumkin:
- Tangalar. Sotuvga 15, 20, 31 va 31,1 grammlik esdalik tangalar qo‘yilgan. Narxlar kun sayin o‘zgarib turadi, joriy narx bilan Markaziy bank sayti orqali tanishish mumkin. Ushbu maqola nashr qilingan vaqtda tangalar narxi 10,4 mln so‘mdan 21,6 mln so‘mgacha bo‘lgan.
- Quymalar. Ular to‘rt ko‘rinishda taqdim etiladi — 5, 10, 20 va 50 grammlik. Ularning narxi 3,5 mln so‘mdan 34,7 mln so‘mgacha.
- Suvenir to‘plamlar. Ular beshta oltin tangadan iborat. Ikki ko‘rinishda taqdim etiladi — 20 va 31,1 grammlik. Birinchisining narxi — 69,5 mln so‘m, ikkinchisi — 108,1 mln so‘m.
Joriy narxlar bilan Markaziy bank sayti hamda Telegram-kanali orqali tanishish mumkin.
Ularning barchasi mahalliy 999 standartidagi oltindan tayyorlangan. Butun respublika bo‘ylab banklarda sotiladi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirovning aytishicha, 2021-yil sentabr oyiga qadar o‘zbekistonliklar 5100 ta quyma oltin va 2500 ta tanga sotib olgan. Aholi tomonidan sotib olingan oltinning umumiy hajmi 168,6 kilogrammni tashkil etadi.
Oltinni saqlash va undan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar
Quyma oltinlar, tangalar va suvenir to‘plamlar aholi unda o‘z jamg‘armalarini saqlashi yoki investitsiya sifatida foydalanishi uchun ishlab chiqariladi.
Markaziy bank ushbu mahsulotlarning sirti zararlanib qolmasligi uchun bankdan sotib olingan vaqtdagi qadoqlarida saqlashni tavsiya qiladi.
Tangalar va quyma oltinlarni faol kimyoviy birikmalarni o‘z ichiga olgan maishiy kimyoviy vositalar, kosmetik vositalar va dori darmonlarga yaqin joyda saqlash mumkin emas. Ayniqsa, ularni xlor, yod va simob yaqinida saqlash xavfli.
Tangalarni banknot yonida ham saqlab bo‘lmaydi, chunki undagi bo‘yoqlar va qog‘ozida oltingugurt birikmasi mavjud, bu esa qimmatbaho metallning sirti qorayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oltinni istalgan vaqtda bankka qayta sotish mumkin.
Izoh (0)