Fitch, S&P va Moody’s reyting agentliklari Rossiya kredit reytingini keskin pasaytirdi.
Fitch agentligi Rossiyaning chet el valyutadagi uzoq muddatli defolt reytingini olti pog‘onaga, “ВВВ”dan “В”ga tushirdi.
Bu Rossiyada defolt xavfi jiddiy va mamlakat zaifligi yuqori ekanligini bildiradi.
G‘arb mamlakatlari tomonidan qo‘llangan yirik sanksiyalar tufayli Rossiyadagi xalqaro zaxiralarining katta qismi “valyuta intervensiyalari uchun yaroqsiz”ga aylanishi, aktivlarning kattagina qismi esa muzlatilishi mumkin, — deyiladi agentlikda.
Moody’s ham Rossiya uzoq muddatli reytinglarini olti pog‘ona pastga – “Baa3”dan “B3”ga tushirib tashladi.
Bu Rossiyaning “sarmoyaga layoqatli” toifasidan “yuqori xavfli” toifaga o‘tganini anglatadi.
Reytinglarning birdaniga bir necha pog‘ona pastga tushirib yuborilishi va iqtisodiyotning yomonlashishi fonida ularni qayta ko‘rib chiqish holatida saqlanishi G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qo‘llangan og‘ir sanksiyalar tufayli qo‘zg‘atilgan, — deb hisoblanadi agentlikda.
Standard & Poor’s (S&P) Rossiya reytingini “ВВ+”dan “ВВВ-” darajagacha tushirdi. Bu Rossiya reytingining “chiqitligini” bildiradi.
AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaga qo‘llangan sanksiyalar mamlakat iqtisodiyotiga og‘ir zarba beradi. Sanksiyalar Rossiya bank tizimiga, ayniqsa, xalqaro savdo-sotiqlarning vositachilik qismlariga sezilarli ta’sir o‘tkazadi, — deb fikr bildirishmoqda agentlik tahlilchilari.
Bu reytinglar o‘zi nima uchun kerak?
Fitch, Moody’s va S&P reyting agentliklarining katta uchligiga kiradi.
Dunyoda 100 ga yaqin reyting agentliklari mavjud, ammo aynan mana shu uchtalik eng yirik va nufuzli hisoblanadi.
Kredit reytingi – bu bir raqam ichiga kiritilgan turli ko‘rsatkichlar to‘plami bo‘lib, u mamlakatning muayyan hududidagi vaziyatni tavsiflashga mo‘ljallangan. Reyting mamlakat iqtisodiyotida sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘rsatuvchi o‘ziga xos barometrdir.
Sarmoyadorlar mamlakatga sarmoya kiritish yoki kiritmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishda ko‘plab omillarga, jumladan, ushbu reytinglarga ham e’tibor berishadi.
Agarda kredit reytingi past bo‘lsa, demak, bu mamlakatga sarmoya kiritish noto‘g‘ri. Yuqori reytinglar, mamlakatning mablag‘lar uchun xavfsiz ekanligini bildiradi.
Masalan, O‘zbekiston so‘nggi yillardagina mamlakatga sarmoya jalb qilishga xizmat qiluvchi reytinglarga ega bo‘la boshladi.