DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Chinoz tumanida moliyaviy piramida tuzgan yana bir shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi O‘zA.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.N. (1979-yilda tug‘ilgan) 2016-yilda moliyaviy piramida tashkil qilib, bir necha oydan so‘ng ko‘paytirib, qaytarish sharti bilan fuqarolardan pul, avtomashina va boshqa qimmatliklarni qabul qilish bilan shug‘ullangani uchun 2017-yilda sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan.
Unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanib, 2021-yilning dekabr oyida ozodlikka chiqarilgan bo‘lsa-da, xatolaridan to‘g‘ri xulosa qilmasdan, aksincha yana “eski hunari”ni davom ettirgan.
Xususan, A.N. o‘zganing ishonchiga kirib, uning boshqaruvida bo‘lgan Spark rusumli avtomashinani 6,5 ming dollarga baholagan hamda qo‘shimcha 2 ming dollar berishini talab qilgan. U umumiy miqdorda 8,5 ming dollarni 10 oy davomida har oyda 1,7 ming dollardan, jami 17 ming dollar miqdorida qaytarib berishini aytgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u fuqaroning Spark avtomashinasini hamda 2 ming dollarni qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Dastlabki surishtiruv natijasida A.N. o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida olgan 2 ming dollar hamda Spark avtomashinasi bilan qo‘shib hisoblaganda, ma’lum muddatdan so‘ng ko‘paytirib, qaytarib berish sharti bilan jami 12 nafar fuqarodan 94 ming dollar, 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva hayvonlarini (avtomobillar va chorva hayvonlarining umumiy bahosi 394 million so‘mni tashkil qiladi) olgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.N.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning sentabrida Qashqadaryoda soxta aksiyalarni 9 million dollarga pullab, moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, avgustda esa chinozlik Ahmadboyning yordamchisi Murodboyga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan, 2019-yilda Buxoroda “yangi Ahmadboy” paydo bo‘lgan va u 580 ming dollar o‘zlashtirgan edi.