Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qalbaki hujjatlar orqali bankdan kredit olishga muvaffaq bo‘lgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida “G.I.” MChJ rahbari bo‘lgan fuqaro J.E. boshqa bir korxonaga tegishli 3 qavatli noturar joy binosi internet saytlari orqali sotuvga qo‘yilganidan foydalanib, obyektning kadastr hujjati, MChJ rahbarining imzo va muhrini qalbakilashtirgani aniqlangan.
U ushbu hujjatlar orqali binoni garov ta’minoti sifatida qo‘yib, bank muassasasidan 4 milliard so‘m kredit mablag‘ini olgan va pullarni o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Shuningdek, tijorat banki filiali mas’ul shaxslari J.E. tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni to‘liq o‘rganmagani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda MChJga tegishli qariyb 1 milliard so‘mlik korxona va imoratlarni noqonuniy sotib yuborgan sobiq rahbarlar ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
- Toshkentda tadbirkorni 1 mlrd so‘mga chuv tushirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
- Samarqandda tadbirkorlarning qariyb 550 mln so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi
- Andijonda o‘zini Ispaniya banki vakili deya tanishtirib, 200 ming dollar kredit olib berish uchun pul talab qilgan shaxs ushlandi
Izoh (0)