4-fevral Mark Sukerberg 2004-yilda yotoqxonadagi xonadoshlari bilan asos solgan Facebook ijtimoiy tarmog‘ining rasmiy tug‘ilgan kuni hisoblanadi. Hozirda Facebook dunyodagi eng mashhur va tashrif buyuriladigan ijtimoiy tarmoqlardan biri, Mark Sukerberg esa sayyoradagi eng boy odamlardan biri hisoblanadi. Garvard universitetida startapda ishlash uchun maktabni tashlab ketgan talaba qanday qilib muvaffaqiyatli biznesmenga aylangani haqida Grazia nashri tayyorlagan maqolani tarjima sifatida e’tiboringizga havola qilamiz.

Yosh daho

Mark Sukerberg

Foto: Legion-Media

Mark Sukerberg 1984-yilda Nyu-Yorkning Uayt Pleyns shahrida shifokorlar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi Edvard stomatolog, onasi Karen esa psixiatr edi. Shunga qaramay, Mark ularning izidan bormadi va bolaligidanoq dasturlashga qiziqa boshladi. Mark 10 yoshga to‘lganida ota-onasi unga o‘zining birinchi kompyuteri Quantex 486DX ni sovg‘a qildi. Shundan keyin yosh Mark odamlarning ikki toifasi borligini tushundi: foydalanuvchilar va dasturchilar. Mark insonlar kompyuterdan shunchaki shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanishini, ba’zilar esa u yordamida haqiqiy foyda olish mumkinligini tushundi. O‘g‘lidagi kuchli ishtiyoqni ko‘rgan otasi Markka Basic dasturlash tili asoslarini o‘zi o‘rgatadi, keyin esa repetitor yollaydi. 12 yoshida Mark Zucknet deb nomlangan xabar almashish dasturini yaratdi. Markning otasi uni stomatologik klinikadagi ishida faol ishlata boshladi.

Yosh dasturchi bundan tashqari Synapse dasturini ham yaratdi. Dastur qaysi treklar va ular necha marta tinglangani haqidagi ma’lumotlarni xotirasiga saqlab qo‘yadi, shundan keyin avtomatik ravishda egasiga yoqadigan narsani topib beradi. Ushbu dastur haqida ma’lumot Microsoft’ga yetib boradi va ular Markka qiziqib qolishadi. Boladagi potensial AOL’da ham ko‘rinadi. Ammo u o‘z dasturini sotishni istamaydi va hamkorlik qilishdan bosh tortadi. O‘g‘lining muvaffaqiyatini ko‘rgan ota-onasi Sukerbergni Eksterdagi Fillips akademiyasiga hujjat topshirishga undashadi. U yerni bitirgach, Mark Garvard universitetiga o‘qishga kiradi.

Birinchi muvaffaqiyatlar

Mark Sukerberg

Foto: Legion-Media

Mark onasining maslahati bilan psixologiya fakultetini tanlaganiga qaramay, Garvardda tezda dasturlash sohasida daho sifatida tanildi. Ikkinchi yili u allaqachon ikkita dastur yaratgandi: CourseMatch va FaceMash. Birinchi dastur, talabalarga o‘qish uchun fanlarni tanlashda yordam berardi. Ikkinchisi, talabalardan odamlarning fotosuratlarini solishtirishni va eng jozibalisiga ovoz berishni so‘rardi. Dastur katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, lekin ko‘plab talabalarning noroziligi sababli universitet mazkur dasturni taqiqladi. Talabalar fotosuratlarini ularning ruxsatisiz ishlatilganidan shikoyat qildi va ko‘pchilik tashqi ko‘rinishi boshqa talabalar tomonidan baholanishini xohlamadi.

Facebook’ning yaratilishi

Mark Sukerberg

Foto: Legion-Media

Mark dasturlash sohasida ishlashni davom ettirdi va tez orada do‘stlari Kris Xyuz, Edoardo Saverin va Dastin Moskovits bilan birgalikda Garvard talabalariga bir-biri bilan muloqot qilish imkonini beruvchi ijtimoiy tarmoq sayti yaratdi. 2004-yil 4-fevralda Mark Sukerberg “Thefacebook.com” domenini ro‘yxatdan o‘tkazdi. 2004-yil iyun oyida sayt Facebook nomi bilan rasman ishga tushdi. Sukerberg uni yotoqxonadagi xonasidan ishga tushirdi. Biroq sinfdoshlari bu g‘oyani ulardan o‘g‘irlaganini aytib, uni sudga berdi. Keyinchalik ular Markdan 65 million dollar undirishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi kursdan so‘ng Mark Sukerberg o‘z ustida ishlashga yetarlicha vaqt topish uchun universitetni tashlab ketdi. Ota-onasi bergan 85 ming dollarni o‘zi yaratgan ijtimoiy tarmoqni rivojlantirish uchun sarfladi. 2004-yilning oxiriga kelib, sayt allaqachon million foydalanuvchiga ega edi.

Rim papasi Fransisk va Mark Sukerberg

Foto: Legion-Media

Bu tez orada venchur kapital firmalarining e’tiborini tortdi. 2005-yilda Sukerberg Kremniy vodiysiga ko‘chib o‘tdi. Facebook ijtimoiy tarmog‘iga 12,7 million dollar sarmoya kiritgan Accel Partner kompaniyasidan birinchi venchur investitsiyasiga ega bo‘ldi. 2005-yil oxiriga kelib, Facebook’dan boshqa kollej talabalari ham foydalanadigan bo‘ldi. Bu orada kompaniyani sotib olish haqidagi takliflar ko‘payib ketdi. Yahoo va Microsoft kabi gigant kompaniyalar Facebook’ni sotib olmoqchi edi, ammo Sukerberg ularning barchasini rad etdi. U biznesini sotmoqchi emasligini, balki uni rivojlantirish niyatida ekanini aytdi. Bu uning uchun juda yaxshi natija berdi. 2—7 yilda Microsoft Facebook’ning 1,6 foiz aksiyasini 240 million dollarga sotib oldi. 2010-yilga kelib Mark Sukerbergning boyligi to‘rt milliard dollarga baholandi. Forbes uni dunyodagi eng yosh milliarder deb atadi. O‘sha paytda Mark 26 yoshda edi. Hozirda uning boyligi 125 milliard dollarga baholanmoqda.

Facebook yaratilishining batafsil tarixi Devid Fincherning “Ijtimoiy tarmoq” filmida juda yaxshi tasvirlangan, filmda Mark Sukerberg rolini Jessi Eyzenberg o‘ynagan.

Shaxsiy hayotdagi baxt

Sukerberg nafaqat karyerasida, balki shaxsiy hayotida ham omadi chopganlardan. 2012-yilda u Garvardda o‘qib yurganida tanishgan uzoq yillik sevgilisi, pediatr Prisstilla Chang bilan oila qurdi. Hozirda juftlikning ikki qizi bor: olti yoshli Maksim va to‘rt yoshli Avgust.

Bundan tashqari, er-xotin yaxshigina tanilgan filantrop. Bir necha yil avval Sukerberg hatto Facebook aksiyalarining 99 foizini xayriya ishlariga ajratishi haqida ma’lum qilgandi. Sukerbergning aytishicha, milliardlab dollar ishlab topganiga qaramay, uning asosiy yutug‘i — rafiqasi bilan bo‘lgan munosabati. “U hayotimdagi eng muhim odam”, — deya tan oladi Mark.