“Arsenal” futbolchisi Pyer-Emerik Obameyang “Barselona” a’zosiga aylandi.
Obameyang erkin agent sifatida “Barselona” safiga o‘tdi. Avvalroq u londonliklar bilan shartnomani bekor qilgandi.
Gabonlik hujumchi “ko‘k-anorranglilar” bilan 2025-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, 2023-yilning yozidan 100 million yevro tovon puli haqidagi band ishga tushadi.
Obameyang faoliyatini “Milan”da boshlagan. Undan so‘ng “Dijon”, “Lill”, “Monako” va “Sent-Etyen” jamoalarida ijara asosida o‘ynagan. 2011-yilda “Sent-Etyen” hujumchi to‘liq transferini sotib olgan. 2013-yildan 2018-yilga qadar “Borussiya Dortmund” sharafini himoya qilgan. 2018-yilda esa “Arsenal” safiga qo‘shilgan edi.
Pyer-Emerik faoliyati davomida 641 ta o‘yin o‘tkazib, 324 ta gol va 101 ta assist muallifiga aylangan. Gabonlik hujumchi 2021/22-yilgi mavsumda Angliya Premyer Ligasida 14 o‘yinda maydonga tushib, o‘z nomiga to‘rtta gol yozdirib qo‘ydi.