Professional boksning super yengil vazn toifasida harakat qilgan Shohjahon Ergashev faoliyatini qayta tiklashi mumkin.
Avvalroq o‘zbekistonlik bokschi otasi bilan bo‘lgan suhbatdan keyin sportdagi faoliyatini tugatishini ma’lum qilgandi.
1-fevral kuni Shohjahon bilan sudlashayotgan Salita promouterlik kompaniyasi Instagram tarmog‘idagi sahifasida Ergashevning navbatdagi jangiga shama qilingan posterni e’lon qildi. Mazkur posterga bokschi “Endi shoshmay turinglar”, deya sharh berib, uni qayta ulashdi.
Ergashev so‘nggi jangini 2021-yilning dekabrida o‘tkazib, unda Tailand vakili Aekkaueye Kaumaneni muddatidan avval mag‘lub etgandi. Shohjahon Ergashev prof boksda jami 21 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. 19 ta jangda raqiblarini nokaut evaziga taslim qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shohjahon 1,5 yildan buyon Salita Promotions kompaniyasi bilan sudlashmoqda. Promouterlik kompaniyasi 2020-yil sentabrida Shohjahon Ergashevni boshqa promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan jangdagi ishtiroki ortidan sudga bergandi. Sud jarayoni esa hamon davom etayotgandi. Avvalroq sportchi kompaniya bilan yarashmoqchi ekanini yozgandi.